Turkiya diniy ozchilikdagi guruhlarga mulkini qaytarmoqchi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an

Yevropa Ittifoqiga kirishga intilayotgan Turkiya a'zolikning talablaridan ayrimlarini bajarishga tayyor ekanini aytmoqda. Xususan, 1936-yildan beri diniy ozchilikdagi guruhlardan tortib olingan mulk egalariga qaytariladi.

Ro'yxatda nasroniylar va yahudiylarga tegishli 150 dan ortiq ob'yektlar bor. Agar biror mulkni qaytarishning imkoni bo'lmasa, deydi Turkiya hukumati, kompensatsiya pul bilan beriladi.

Ro'yxatda greklar, armanlar va yahudiylarga qarashli maktablar, kasalxonalar, qabristonlar, bolalar uylari bor. Yevropa Ittifoqi Turkiyadan diniy ozchilikdagi guruhlarni kamsitish amaliyotini to'xtatishni so'rab keladi.

Turkiya tashkilotga to'laqonli a'zo bo'lishga intilar ekan, hukumat etnik ozchilikdagi guruhlar bilan ham aloqani yaxshilashga harakat qilyapti. Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog'an respublika tarixida ilk bor etnik ozchilikdagi guruhlarning 162 vakili bilan iftor ziyofati doirasida uchrashdi.

"O'lkamizda istiqomat qilayotgan 74 million odamning barchasi shu yurt farzandi. Ularning muammosi - bizning muammoimiz", - dedi bosh vazir.