Yevropa-Turkiya: A'zolikka oid muzokaralar qayta boshlandi

  • Amerika Ovozi
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Turkiyaning blokka qo’shilishiga doir muzokaralarni davom ettirishga rozi.

Your browser doesn’t support HTML5

Yevropa va Turkiya muzokaralarni qayta boshladi/Shohruh Hamro


Siyosiy kelishmovchiliklar va shu yoz Turkiya hukumati namoyishlarni kuch bilan bostirgani sabab muzokaralar uch yildan buyon to’xtab qolgan edi. Tomonlar yana gaplasha boshlagan, ammo Bryusselning Anqaraga qanchalik gapi o’tadi?

Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishi yuzasidan muloqot uzoq tanaffusdan keyin iyun oyida qayta boshlanishi rejada edi, ammo mamlakatni namoyishlar to’lqini qamrab oldi. Qaror kechiktirildi.

“Milliyet” gazetasining diplomatik muxbiri Qadri Gursel nazarida, aynan G’ozi parkidagi ommaviy aksiya muzokarani davom ettirishga turtki bo’ldi. “Odamlar erkinlik, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati bobida talablar bilan chiqdi. Bular Yevropa Anqaraga qo’yayotgan shart-talablar bilan hamohang”, - deydi u.

28 a’zoli blokning yillik hisobotida Turkiyada namoyishchilarga qarshi qo’llangan choralar keskin qoralangan.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an a’zolik masalasi oldinga siljiyotganidan mamnun, ammo Yevropa Ittifoqining tanqidlarini o’rinsiz deb biladi. Faqatgina Turkiya davlati va xalqi yozgi voqealarga baho berish huquqiga ega, deya ta’kidladi u.

“Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idiz so’zlariga ko’ra, bosh vazirning Bryusselga keskin javobida bezovtalik seziladi.

“Yevropa Turkiyadagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni yaqindan kuzatib turibdi va imkon boricha bosim o’tkazishga harakat qiladi. Erdog’anni g’azablantirayotgan shu”, - deya sharhlaydi Idiz.

A’zolik muzokaralari jonlangan bo’lsa-da, kuzatuvchilar fikricha Yevropa Ittifoqining Anqaraga ta’siri cheklangan. Turkiya 35 band bo’yicha talab-shartlarni bajarishi kerak. Hozirda 14 tasi ustida ish ketmoqda, faqat bittasi yakunlangan xolos.

Turkiyaning o’zida esa Yevropaga qo’shilish uchun xayrixohlik so’nib borayapti. Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, aholining yarmi tashabbusdan sovigan. Uch yil ilgari bu ko’rsatkich 70 foizdan yuqori edi.

Siyosatshunos Chingiz Aktar deydiki, bugungi kunda ham aholi orasida, ham siyosiy doiralarda ko’pchilik urinishlar samara berishiga ishonmaydi. Bu kayfiyat o’zgarmas ekan, Bryussel Anqarani huquq bobida niqtashidan foyda yo’q.

“Turkiyani safga olish sanasi, ya’ni muhlat belgilanmagan. Bunday mavhum bir sharoitda Erdog’an hukumati saylovgacha va undan keyin ham jiddiy islohotga qo’l urishi gumon”, - deydi tahlilchi.

Toyib Erdog’an millatchi ruhdagi saylovchilar ko’nglini ovlash bilan band. Aholining aynan shu qatlamida Yevropa Ittifoqiga qo’shilish va har qanday islohotga qarshilik kuchli, deydi kuzatuvchilar. Vaholanki, yaqingacha Turkiyaning manfaatlari Yevropa bilan cheklanib qolmaydi degan bayonotlarni eshitish mumkin edi.

Biroq regiondagi notinchlik va g’alayonlar Turkiyani yakkalatib qo’ydi, deydi Chingiz Aktar. Bu degani, Yevropa Ittifoqi bilan a’zolik muzokaralari Anqara uchun muhimroq ahamiyat kasb eta boshlagan.