Turkiya-Yevropa aloqalarida siljish kuzatilmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Yevropa ittifoqi bilan imzolangan yangi bitimning ahamiyati haqida gapirmoqda, Anqara, 16-dekabr, 2013-yil.

Anqara va Yevropa Ittifoqi bir necha marta kechga qoldirilgan bitimga nihoyat imzo chekdi. Yangi hujjatga ko’ra, Turkiya orqali Yevropa hududiga noqonuniy ravishda kirgan muhojirlar ortga qaytariladi. Ayni paytda Bryussel Turkiya fuqarolarining Yevropaga safarini osonlashtirishni va’da qildi. Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anga ko’ra, bu ikki tomon o’rtasidagi munosabatlarda erishilgan katta yutuq.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya-Yevropa aloqalari, Behzod Muhammadiy

16-dekabr kuni imzolangan shartnoma Turkiyaning Yevropaga qo’shilish yo’lida olib borayotgan harakatlarida kuzatilgan yana bir siljish.

Turkiyaning “Taraf” gazetasi tahlilchisi Semih Idizning aytishicha, kelishuv turklar orasida iliq qabul qilindi. So’nggi yillarda jamoatchilikning Yevropaga qo’shilish masalasiga munosabati ancha susaygan edi. Endi esa u ijobiy tarafga o’zgarishi mumkin.

“Viza olish talablarining, ayniqsa, Yevropaga ko’p safar qiladigan tadbirkorlar uchun yengillashishi aholi kayfiyatini o’zgartiradi. Yevropaga qo’shilish borasida turk jamoatchiligining fikri tez-tez o’zgarib turibdi”, - deydi u.

Bryussel ikki yildan beri Anqaradan noqonuniy muhojirlarni qaytarib olishni talab qilayotgan edi.

Yevropa Parlamentining Turkiya bo’yicha qo’mitasi a’zosi Richard Hovit Turkiyaning hujjatni qabul qilganini ijobiy baholaydi. Ammo uch yil ichida bu davlat fuqarolariga vizasiz Yevropaga kirish imtiyozining berilishi hali noma’lum, deydi u.

“Masala savol ostida. Qiyinchiliksiz erishiladigan narsaning o’zi yo’q. Viza masalasi eng noziklaridan biri. Chunki migratsiya siyosiy masala. Hozirgi siyosiy muhitda bunga erishish juda mushkul”, - deydi Hovit.

Bryusseldagi Karnegi jamg’armasi tadqiqotchisi Sinen Ulgen fikricha, bitim imzolanishidan qat’i nazar, Turkiya-Yevropa aloqalari sovuqligicha qoladi.

“Turkiya hukumatida Yevropani quchoq ochib kutib oladigan kayfiyat yo’q hali. Hammasi shartli bo’lib turibdi. Umuman olganda, Turkiyada Yevropaga qo’shilish istagi kuchli emas”, - deydi u.

Kuzatuvchilar fikricha, Yevropaning Turkiyaga jiddiy e’tibor qaratmayotgani Anqaraning hafsalasini pir qilgan. Yozda bo’lib o’tgan namoyishlarga nisbatan hukumat tutgan yo’lning Bryussel tomonidan tanqid qilinishi ham turk rasmiylarini norozi qildi.

Shu oy boshida Anqaraga tashrif buyurgan Yevropa delegatsiyasi va Turkiya rasmiylari o’rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan edi. Bryussel delegatsiyasi a’zosi Hovitga ko’ra, Anqaraning Yevropaga qo’shilish harakatida siljish kuzatilishi uchun, avvalo, o’zaro aloqalar yaxshilanishi kerak.

“Turkiya va Yevropa Ittifoqi parlamentlari orasida hozir aloqalar ijobiy pallada emas. Uni yaxshilash kerak. Mening tavsiyam, diplomatik muloqotga qaytish kerak. Turkiyaning yetakchi siyosatdonlari orasida bunga xayrixohlik ko’rinmayapti. O’zaro suhbatlarda jiddiy e’tirozlar tilga olinyapti”, - deydi u.

Kuzatuvchilarning aytishicha, kelgusi yilda Turkiyada bo’lib o’tadigan muhim saylovlar arafasida Yevropa bilan aloqalarning yaxshilanishi hamda ikki tomonlama vizasiz rejim o’rnatilishiga umidlarning oshishi hukumatdagi partiyaning saylovlarda muvaffaqiyat qozonishiga hissa qo’shadi.