Turkiya tashqi siyosatda “ishonch va qat’iyat” bilan harakat qilyapti

Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilish masalasi hanuz mavhumligicha qolmoqda.

Bu mamlakatga tashrif buyurgan Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Turkiyaning ittifoqqa qo’shilishini to’la qo’llashini aytgan bo’lsa-da, Fransiya va Germaniya bunga xayrixohlik bildirmayotgan davlatlar qatoriga kiradi.

Yevropa Ittifoqi bilan bog’liq noaniq kelajak Turkiya tashqi siyosatida iz qoldirmoqda. Mamlakat Yaqin Sharq va boshqa musulmon o’lkalarida tobora kengroq ta’sirga ega bo’lishga intilyapti.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning aytishicha, Turkiya Sharq bilan G’arbni bog’lovchi muhim ko’prik. Biz Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishini qo’llab-quvvatlaymiz, deydi u.

“Mushtarak qarashlarga egamiz: har ikkimiz Turkiyaning ittifoqqa to’laqonli a’zo bo’lishini istaymiz. Regionda muhim o’ringa ega bu davlatning ittifoqqa kiritilmasligi adolatdan emas”, - deydi Kameron.

A’zolik bo’yicha muzokaralar 2005-yilda boshlangan. Agar qo’shilsa, Turkiya Yevropa tarkibidagi ilk musulmon mamlakat bo’ladi. Lekin ayrim davlatlar Turkiya bir qator masalalar bo’yicha talabga javob bermasligini aytib, a’zolikni orqaga surmoqda.

Turkiyaning Kiprga havo va dengiz portlarini ochmayotgani munozarali sabablardan biri. A’zolik noma’lum muddatga kechiktirilishi Turkiyani hududda yangi tashqi siyosat va strategik mavqe qidirishga undamoqda.

Rasmiy Anqara Eronga nisbatan BMT e’lon qilgan yangi sanksiyalarga qarshi ovoz berib, AQSh hukumati noroziligiga sabab bo’ldi. G’azoga gumanitar yordam olib ketayotgan kemasi Isroil hujumiga uchrab, sakkiz fuqarosining o’ldirilishi ham Turkiyaning azaliy ittifoqdoshi bo’lgan Isroil bilan aloqalarining keskinlashishiga sabab bo’ldi. Turkiya Isroildan zudlik bilan kechirim so’rashni va qurbonlarga tovon puli to’lashni talab etdi.

Sharq va G’arb o’rtasida vositachi sifatida ko’rilayotgan Turkiya Yaqin Sharqning qaynoq nuqtalarida joylashgan Eron, Iroq va Suriya kabi mamlakatlar bilan aloqani yaxshilashga intilmoqda. Tahlilchilar Turkiyaning “Yaqin Sharq Sovuq urushi” deya nomlanuvchi murakkab davrda regionning tinchlik yo’lidagi vositachisi bo’lishga intilayotganini alohida ta’kidlaydi.

Turkiya Yevropaning oltinchi eng boy mamlakati. Hududda salmoqli ta’sir kuchiga ega bu davlat dunyo sahnasida ham katta kuchga aylanish niyatida.

O’tgan oy Vashingtonda bo’lgan Turkiya delegatsiyasi amerikalik hamkorlariga aynan shu nuqtani tushuntirmoqchi bo’ldi. Bosh vazir maslahatchisi Ibrohim Qalin mamlakat tashqi siyosatda ishonch bilan harakat qilayotganini aytadi.

“Turkiya o’z tarixida birinchi bor Sovuq urush davridan keyingi muhitda ishonch va qat’iyat bilan harakat qilmoqda”, - deydi Qalin.

Hokimiyatdagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi a’zosi Suat Kinikliog’lining aytishicha, Turkiya nafaqat Yaqin Sharqda, balki dunyoning boshqa hududlarida ham muhim ta’sir kuchiga ega.

“G’arbiy Yevropada Fransiya va Germaniya bajargan ishni Turkiya Yaqin Sharq, Kavkaz, Bolqon va Qora dengiz hududlarida muvaffaqiyat bilan amalga oshira oladi. Bu o’lkalarda odamlar, g’oyalar va mahsulotlarning erkin harakatini amalda ta’minlash mumkin”.

AQShdagi turk elchisining aytishicha, delegatsiya Vashingtonni Turkiya tashqi siyosatidagi o’zgarishlar bilan tanishtirish uchun kelgan.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, bu o’zgarishlar Yevropadan uzoqlashishni va Eron, Suriya kabi qo’shnilari bilan yaqin hamkorlik o’rnatishni aks ettiradi.

Lekin Ibrohim Qalinning aytishicha, Turkiya yevropaliklarning “yaxshi qo’shnichilik” siyosatini o’z hududiga tatbiq etyapti, xolos. Rasmiy Anqara Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlik o’rnatish uchun o’z mavqeini mustahkamlayapti, deydi u.

“Biz bu yerda qarama-qarshilik ko’rmayapmiz. Agar yevropalik yoki amerikalik ittifoqchilarimiz Xitoy yoki Rossiya kabi mamlakatlar bilan bo’lgan murakkab munosabatlarini yaxshilasa, buni tinchlik yo’lidagi ulkan qadam, deb olqishlaymiz. Boshqa mamlakatlar ham biz bilan teng munosabatda bo’lishga haqli ekanini ba’zilar tushunishga qiynaladi. Biz o’z hududimizda yuritayotgan siyosatimizda aynan shu narsani ko’rsatmoqchimiz, xolos”, -deydi bosh vazir maslahatchisi.

Turkiya bugun dunyoda iqtisodiy jihatdan 16-eng baquvvat davlat. Yillik yalpi ichki mahsuloti 750 milliard dollarga yaqin.

Har yili 30 dan ziyod mamlakatga tashqi yordam sifatida 500 million dollar ajratadi. Bu uning dunyodagi global mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ibrohim Qalin nazarida, Turkiyaning yangi geopolitik qarashlari XXI asrdagi real voqelikni aks ettiruvchi o’zgarishlardir.

“Biz bugun dunyo siyosatidagi hukmron “Yevro-sentrizm” qarashidan qutilishimiz kerak. “Tarix Islom dunyosi, Usmoniylar saltanati yoki Xitoydagi ayrim davrlarni hisobga olmaganda, asosan, Yevropada boshlangan va Yevropada davom etyapti”, degan tushunchaning davri o’tdi”, - deydi Ibrohim Qalin.

Turkiyaning Yevropadan uzoqlashib, Yaqin Sharq va musulmon o’lkalari bilan yaqinlashuv siyosati yevropaliklarni bezovta qilishi tabiiy. Buyuk Britaniya Bosh Vaziri Deyvid Kameron tashrifidan so’ng Turkiyaga safar qilgan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Guido Vestervelle ham Turkiyaning kelajagi Yevropa bilan, degan.

So’nggi kunlarda Yevropa yetakchilarining bu borada iliq munosabat bildira boshlagani Turkiyaning ittifoqqa qo’shilish umidlarini yana jonlantirishi mumkin.

Tahlilchilar ertangi kun dunyo siyosiy sahnasida Xitoy, Hindiston, Braziliya kabi davlatlar muhim rol o’ynashini bashorat qilishadi. Ular nazarida hududiy liderlikka intilayotgan Turkiyaning ham ularnikidan kam bo’lmagan maqsad va rejalari bor.