Anqara: Agar Gulen topshirilmasa, AQSh-Turkiya aloqalari buziladi

  • Amerika Ovozi

AQShda istiqomat qiluvchi turkiyalik diniy arbob Fathulla Gulen

9-avgust kuni Anqara, agar AQSh muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to'ntarish ortida turgan Fathulla Gulenni Turkiyaga topshirmasa, o'zaro aloqalarga jiddiy zarar yetishi haqida yana bir bor ogohlantirdi.

"Mabodo AQSh uni topshirmasa, bir terrorchini deb aloqalarni qurbon qilishadi", - dedi Turkiya Adliya vaziri Bekir Bozdag.

Turkiya hukumati 15-iyuldan beri Gulenni ekstraditsiya qilish bo'yicha AQShga bosim ko'rsatib kelmoqda.

O'tgan hafta Gulenning advokatlari uning to'ntarishdagi ishtirokini tasdiqlaydigan biror dalil keltirilmaganini aytib, AQShdagi diniy arbob "ekstraditsiya qilinmasligi kerak va qilinmaydi", deb bayonot chiqardi.

Advokatlardan biri Reyd Veyngartenning qo'shimcha qilishicha, o'tgan hafta Vashingtonga kelib Gulenning ekstraditsiyasini talab qilgan turkiyalik qonunchilar masalaning "murakkabligini va mantiqsizligini" yanada kuchaytirgan, xolos.

"Ekstraditsiya mutlaqo huquqiy jarayon. Biz huquqshunoslarmiz va dalil bilan ishlaymiz. Ekstraditsiya ishlarida dalil va huquqiy jarayonning bo'lishi muhim", - dedi u.

Vashington ham o'z navbatida ekstraditsiya talabi ko'rib chiqilishi uchun Gulenning to'ntarish urinishiga aloqadorligini kor'satuvchi jiddiy dalil bo'lishi lozimligini aytdi.

Turkiya Adliya vaziri Bozdagning ma'lum qilishicha, harbiy to'ntarishga aloqadorlikda ayblanib, shu paytgacha 26 ming odam hibs etilgan. Ularning aksariyati harbiylar, jurnalistlar hamda ta'lim sohasi vakillari. Ularning 16 mingi rasman qamoqqa olingan.

Veyngartenning ta'kidlashicha, Turkiyadagi ommaviy hibslar Gulenning bu yurtda adolatli tarzda sud qilinishiga yo'l qo'ymaydi.

Armiya, sudlov tizimi, fuqarolik institutlari hamda ta'lim sohasidan 70 mingga yaqin odam hibsga olingan, ishdan bo'shatilgan yoki nazorat ostiga olingan. Prezident Erdog'an muvaffaqiyatsiz yakunlandgan davlat to'ntarishidan foydalanib hukumatga qarshi ovozlarni o'chirishga urinayotganidan shikoyat qilayotganlar bor.

15-iyul kungi voqeada 270 dan ortiq odam halok bo'ldi, yana minglab tinch aholi vakillari yaralangan. Isyonchilar to'ntarishga urinishda qiruvchi samolyotlar, harbiy vertolyot va tanklarni ishga solgan. Bir qator hukumat binolari, hatto parlament binosi ham havodan o'qqa tutilgan edi.

Gulen bo'lib o'tgan isyonga aloqadorligini rad etib kelmoqda.