Turkiya, Rossiya, Eron vazirlari Antalyada Suriya haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Antalyadagi uchrashuv paytida. Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li O'rta dengiz bo'yidagi Antalya oromgohida Rossiya va eronlik hamkasblari bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan.

Suriyada jang qilayotgan taraflardan birini Turkiya, qarshi tarafni Rossiya va Eron qo'llab-quvvatlayotganiga qaramay, bu mamlakatlar mojaroni hal etish yo'lida hamkorlik qilmoqda. Xususan, Idlibda keskinlikni susaytirish zonalari tashkil etilib, bu uch davlat askarlari vaziyatni nazorat qilmoqda.

Shu bilan birga, aytish joiz, Turkiya, Eron va Rossiya Suriyada o'z manfaatlarini ko'zlamoqda. "Islomiy davlat" jangari to'dasi hamda isyonchi guruhlar tor-mor bo'layotgani sari bu manfaatlar to'qnashishi mumkin. Kelajakda mojaro ehtimolining oldini olish uchun tashqi ishlar vazirlari Antalyaga to'plangan.

Anjumanda tomonlar yana bir masalani hal qilishi kerak bo'lgan. Rossiyaning Suriya bo'yicha anjumanga mezbonlik qilish rejasi na Turkiya va na Eronga ma'qul tushmoqda. Turkiya tadbirga suriyalik kurdlarning taklif etilganidan norozi. Anqara ularni Turkiya zaminida harbiy harakatlar olib borayotgan Kurdiston ishchilar partiyasiga bog'laydi. Antalyada bu haqda gap bo'lganmi va nimaga kelishilgani hozircha ma'lum emas.

"Biroq Vashingtonning mintaqadagi rejasiga umumiy qarshilik bu uch mamlakatni hamkorlikka majburlamoqda", - deydi Anqaradagi Yaqin Sharq politexnika universitetida xalqaro aloqalar bo'yicha professor Husayn Balchi.

Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan suriyalik kurdlarni qurollantirgani Anqara bilan sovuqlikka sabab bo'ldi.

"Turkiya Suriya masalasida kim bilan ish qilmasin, uning siyosati asosida kurd muammosi mavjud", - deydi "al-Monitor" veb sahifasi siyosiy sharhlovchisi Semih Idiz.

Chavusho'g'li Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv chog'ida Turkiyaga Suriyaning Afrin anklavida kurdlarni nishonga olishga ruxsat berishni so'rashi ham kutilgan edi.

So'nggi kunlarda Afringa chegaradosh Idlibda Turkiya qo'shinlari sonini oshirishga kirishgan. Biroq Afrinda rossiyalik askarlar borligini hisobga olganda amaliyotni Moskva roziligisiz o'tkazish kattaroq mojaroga sabab bo'lishi mumkin.

Rossiya suriyalik kurdlarni o'z nazoratiga olishga urinmoqda va bu borada Vashington bilan raqobatlashmoqda.

Istanbuldagi "Maks Veber jamg'armasi"da Rossiya-Turkiya aloqalari bo'yicha mutaxassis Zaur Gasimovning aytishicha, Moskva mintaqadagi kurd siyosatchilar bilan aloqani kuchaytirmoqda.

“Rossiya kurd siyosatchilari orasida Amerikaga xayrixohlik kuchli ekanidan xavotirda, shu sabab Turkiyaning Afringa rejalanayotgan hujumidan kurdlarni o'z tomoniga og'dirishda foydalanmoqchi va bu masalada kurdlar Vashington bilan emas, balki Moskva bilan hamkorlik qilishi kerakligini uqtirmoqchi", - deydi tahlilchi.

Anqaraning Moskva va Tehron bilan yaqinlashgani uning NATOdagi hamkorlarini tashvishga solmoqda. Ustiga ustak, juma kuni Turkiyaning 40 askari Norvegiyada o'tgan NATO harbiy mashqlaridan erta chiqdi.

Xabarlarga ko'ra, mashg'ulot paytida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an va respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturkni dushman sifatida tasvirlashgan.

Bundan g'azablangan Erdog'an bunday tashkilotda ahillik va ittifoq bo'lmasligini aytgan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bo'lgan voqeani tushunmovchilik deya Turkiya rahbariyatidan uzr so'radi, xatoga aloqador harbiylarning lavozimlaridan chetlatilganini aytdi, biroq Erdog'an NATO rahbarining uzrini qabul qilmadi.

Norvegiyadagi voqeani hatto turk muxolifati ham tanqidga oldi. Mamlakatda NATO, AQSh va G'arbga qarshi kayfiyat kuchaymoqda.