Turkiya “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo’shildi. Bu boradagi qonun loyihasi bugun parlamentda tasdiqlangan.
Your browser doesn’t support HTML5
Anqara shu paytgacha bu borada aniq pozitsiyasini bildirmagani tanqidga uchrab kelayotgan edi.
Turkiya qurolli kuchlari endi Suriya va Iroqdagi harbiy operatsiyalarda qatnashishi mumkin. Rezolyutsiyaga 298 deputat ovoz bergan, qarshilar 98 kishi. Hujjat xorijiy kuchlarga Turkiya bazalaridan foydalanish huquqini ham beradi.
Prezident Rajab Toyib Erdog’an parlamentdagi nutqida “Islomiy davlat” qatorida mintaqadagi boshqa terrorchi guruhlarni ham yo’q qilish uchun hissa qo’shishga tayyorligini aytdi.
Uning aytishicha, Turkiya vaqtinchalik yechimlar tarafdori emas. Siyosiy strategiya aniq bo’lmasdan turib, havo hujumlari bilan ko’p narsaga erishib bo’lmaydi, deydi Erdog’an.
Turkiya “Islomiy davlat”ga xayrixoh degan iddaolar o’z-o’zidan paydo bo’lmagan. Jangarilar o’g’irlangan neftni Turkiyaga olib kirayapti, hukumat jiddiy chora ko’rgani yo’q. Xalqaro munosabatlar bo’yicha ekspert Soli Ozel fikricha, bu tashvishlar asosli.
“Guvohlar bor, kontrabandada qatnashgan mahalliy fuqarolar tasdiqlab turibdi. Mojaro bo’layotgan joyda albatta bunday jinoyatlar qilinadi. Anqara qanchalik rad etmasin, ittifoqchilar ishonmayapti”, - deydi Ozel.
Amerika Kongressida Turkiyani “Islomiy davlat”ga xayrixohlikda, ularga zimdan yordam berayotganlikda tanqid qilayotganlar ko’p.
Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi o’tgan oy Davlat kotibi Jon Kerrini chaqirtirib, uni savolga tutdi. Demokrat senator Ed Marki:
"Turkiya “Islomiy davlat” guruhining asosiy moliya manbaiga aylanganiga ishonish qiyin. Ularni moliyadan ayirish, butun dunyo Turkiyaga talab qo’yishi kerak”.
Anqara neft kontrabandasiga ko’z yumayotgani haqidagi da’volarni g’azab bilan inkor etadi. Energetika vaziri Taner Yildiz biz hech qachon noqonuniy operatsiyalarda ishtirok etmaganmiz va etmaymiz, deya ta’kidlamoqda.
Ismini oshkor etishni istamagan yana bir rasmiyga ko’ra, Turkiya xavfsizlik kuchlari shu kunlarda tekshiruv-reydlarni ko’paytirgan. O’tgan yili kontrabanda qilingan 78 million litr neft musodara qilingan bo’lsa, joriy yilning birinchi yarmida 58 million litr. Ammo Suriya bilan chegaradosh hududlardan ma’lumot yo’q.
Sulaymon Shoh Universitetidan Chingiz Aktar tahlilicha, Turkiya va G’arb o’rtasidagi kelishmovchiliklarga bir sabab shuki, Anqaraning terrorchi guruhga nisbatan pozitsiyasi mujmal.
“Turkiya hukumati bu mish-mish va iddaolarga aniq javob berishi kerak. Jangarilar qayerdandir mablag’ olayotgani, neftdan daromad qilayotgani aniq. Koalitsiya va Qo’shma Shtatlar gap-so’zlarga emas, amaldagi ishlarga qarab baho beradi”, - deydi Aktar.
Ayni damda xalqaro koalitsiya tarkibida 40 dan ziyod davlat “Islomiy davlat” ga qarshi urush e’lon qilgan. Prezident Barak Obama guruhni yengish uchun uni moliyadan ayirish zarur deb keladi. Suriya bilan 900 kilometrga teng chegaraga ega Turkiya ham bu harakatlarga kattaroq hissa qo’shishi lozim.