Turkiya va Isroil hamon strategik hamkorlarmi?

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik anjumani Nyu-Yorkda o’z ishini boshlar ekan, Turkiya va Isroil singari do’st mamlakatlar yana mintaqadagi vaziyatni muhokama qilishi kutilmoqda.

Yaqin Sharqda tinchlikka erishish asosiy maqsadlardan biri deb kelayotgan AQSh esa ittifoqdosh ikki davlatni strategik hamkorlikka undamaqda.

O’tgan may oyida G’azo sektoriga insonparvarlik yordami olib ketayotgan turk kemasiga Isroil harbiylari hamla qilib, 9 fuqaroni o’ldirganidan buyon Turkiya-Isroil aloqalari ancha sovuqlashgan.

Turkiya o’z elchisini Anqaraga chaqirib olgan va bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’an Isroilni qattiq qoralagan edi. Vaholanki, Isroil va Turkiya ittifoqchi davlatlar edi. Vashington ular orasidagi bugungi kelishmovchiliklarni diplomatik yo’l bilan bartaraf qilishga chaqirmoqda.

Yaqinda AQShga safar qilgan Turkiya tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Salim Yenel harakat avjida deydi.

“Vashingtondagi uchrashuvlar chog’ida bu masalaga yechim topish zarur ekanini eslatdik. AQSh ham o’z ta’sirini ko’rsatsa ma’qul. Qon to’kilgan, Isroil kechirim so’rab, o’lganlarning oilalariga tovon to’lasa, aloqalarda yangi sahifa ochishimiz mumkin”, turk diplomati.

Sharhlovchi Semih Ildiz nazarida Isroil koalitsion hukumatida Turkiyaga nisbatan yakdillik yo’q.

Kelishmovchilikni bartaraf qilish maqsadida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovudog’lu va Isroil Savdo va tijorat vaziri Benyamin Ben Eliyezer o’rtasida maxfiy uchrashuvlar o’tdi. Ammo Isroil koalitsiyon hukumatida bunga qarshi odamlar bu muzokaralarni ommaga fosh etib, ishning beliga tepid.

Bu bilan Isroilning Turkiyadan kechirim so’rashiga monelik qilindi. Bu muammoni hal etish na Turkiya van a Amerika zimmasida, balki Isroilning o’zida, ya’ni uning siyosatini tebrayotgan ichki kuchlarda.

Turkiyada hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi Falastin taqdiri yuzasidan Isroilni tez-tez tanqid qilib turadi. Lekin rasmiy Anqara AQSh, Isroil hamda arab davlatlari bilan mustahkam aloqaga ega. Turkiyaning mintaqada o’ziga xos strategik pozitsiyasi bor.

Kadir Has Universiteti mutaxassisi Soli Ozel fikricha Isroil bilan olishuv Turkiya roliga zarba bergan.

“Turkiyaning Isroil bilan siyosati mintaqa uchun muhim. Ular bilan munosabatni buzish aslida Turkiyaning mintaqadagi siyosatiga putur yetkazadi va uning ta’sir kuchini yemiradi”,- deydi tahlilchi.

Ayrimlar ziyolilar ta’biricha, Turkiya G’azo sektorini boshqarayotgan Xamas guruhi bilan yaqin aloqada bo’lgani sabab yaxshi vositachi bo’lishi mumkin. Lekin boshqalar bu aloqa Turkiyani aslida Isroildan uzoqlashtirishi mumkin degan fikrda.

Semih Ildiz singari sharhlovchilar ikki davlat orasidagi hamkorlik chuqur ildizga ega ekanini eslatadi.

“Turkiya-Isroil munosabatlari bir kunda o’rnatilmagan. Ular qariyb 50 yillik tarixga ega. Turkiya Isroilni tan olgan birinchi musulmon mamlakat”, - deydi Semih Ildiz.

Uning tahlil qilishicha, hozirgi asosiy muammo orada ishonch pasayganidir.

Hozirda Isroil Yaqin Sharq kelajagiga raxna solayotgan davlat deb baholanadi. Turkiya mintaqadagi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish harakatida. Shunday ekan, bu ikki davlat hali ko’p masalalarda kelishib olishi kerak.