Turkiya janubi-sharqida ro'y bergan bomba xurujida kamida uch politsiyachi halok bo'lgan. Bu hududlarda kurd isyonchilariga qarshi harbiy operatsiya davom etmoqda.
Sizra shahri aholisi vayronagarchilikdan g'azabda. To'qqiz kun davom etgan komendantlik soati kecha bekor qilinib, odamlar ilk bor ko'chaga chiqdi.
"Prezident Erdog'anga biz nima yomonlik qildik? Uning armiyasi shahrimizni, uylarimizni, hayotimizni barbod qildi", - deya noliydi bir ayol.
Turkiya xavfsizlik kuchlari kurd isyonchilarini siqib chiqarish uchun Sizra shahrini bombardimon qilgan. Ko'pchilik hukumat oshirib yubordi, deb hisoblaydi.
"Bizga qarshi ko'zni yoshlantiruvchi gaz, kechqurun esa boshimizga o'q yog'dirishmoqda", - deydi yana bir ayol.
Turkiya rasmiylari tinchlikni saqlash uchun shunday choralar ko'rishga majburmiz, deydi.
"Fuqarolarimiz tinchini, mamlakat osoyishtaligini buzishga harakat qilayotganlarni qattiq jazolaymiz. Bo'lginchilarning Iroq shimolidagi bazalari, Turkiyadagi manzillarini yo'q qilayapmiz", - deydi Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li.
Xabarlarga qaraganda, so'nggi bir hafta Sizra shahrida 25 kishi, jumladan ayollar va bolalar, halok bo'lgan. To'qqiz kun davomida bu yer qamal holatida bo'lib, armiya hech kimni kiritmagan va chiqarmagan.