Amerikada yashovchi minglab turkiyaliklar hamda boshqa boshqa ko'plab davlat va millat vakillari 24-aprel kuni poytaxt Vashingtonda Turkiya sha'nini himoya qilib namoyish o'tkazdi. Yig'in 1915-yilgi armanlar fojeasini qatliom deb atash bo'yicha Anqaraga nisbatan xalqaro bosim va e'tirozlar kuchayayotgan paytda yuz berdi.
Tashkilot asoschilaridan biri Ibrohim Uyarning aytishicha, Vashington, Nyu-York va Texasdagi metro va jamoat transportlariga Turkiyani qo'llab-quvvatlovchi reklama bannerlari ham osiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda #LetHistoryDecide (Tarix o'zi hal qilsin) deb nomlangan media kampaniyasi ham boshlangan. U orqali 1915-yilgi armanlar fojeasi yuzasidan Armaniston olib borayotgan propaganda yo'lini to'sish maqsad qilingan.
Birinchi jahon urushi davrida yuz minglab armanlar Turkiyada hukm surgan Usmoniylar saltanati tomonidan ommaviy qatl qilingani aytiladi. Turkiya bu raqamlarning bo'rttirilganini aytib, arman millatiga qarshi qasddan qatl rejalanmaganini aytib keladi. Armaniston va xalqaro hamjamiyatning ko'plab boshqa davlatlari esa Anqaradan fojeani rasman genotsid sifatida tan olishni talab qiladi.