Turkiya Suriyada qurollangan kurd bo’linmalariga qarshi kurashish maqsadida mamlakatga qo’shin kiritish arafasida turibdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Havo hujumlari to’xtagani yo’q, terrorchilarni o’zimizga qulay bo’lgan paytda quruqlikda ham nishonga olamiz”, - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an.
Anqara 13-noyabrda Istanbulda 8 odamning hayotiga zomin bo’lgan portlashda Kurdiston ishchilar partiyasini ayblayapti. Turkiyaning Suriya va Iroq shimolidagi havo hujumlarida 184 jangari yo’q etilganini da’vo qilyapti. Kurdlar turk hujumlarida faqat tinch aholi nobud bo’lganiga ishora qiladi.
Seshanba kungi raketa hujumida Suriyada kamida 3 odam o’lgan. Bugungi hujumlarda esa turk dronlari Suriyaning Qamishli shahridagi neft inshootini nishonga oldi. Hududdagi neft konlari va zavodlari hozir kurdlar nazoratida. Kurdlar boshqaruvidagi “Suriya demokratik kuchlari” tashkiloti hujumda 11 nafar vakili halok bo’lganini bildirdi.
Bu Turkiyaning qo’shni mamlakatda ilk amaliyoti emas. 2016-yilda “Furot qalqoni” operatsiyasi doirasida Suriya shimoliga turk qo’shinlari kirib, “Islomiy davlat” jangarilari va kurd otryadlarini nishonga olgan edi.
Turkiyadan yordam olayotgan “Ozod Suriya armiyasi” ikki davlat chegarasida katta hududlarni nazorat qilmoqda. Rossiya Suriya hukumatiga bu va boshqa guruhlarga qarshi kurashda yordam berishda davom etyapti.
Biroq, deydi Britaniyadagi Loboro universiteti eksperti Ali Bilgich,
Ukrainadagi urush sabab Rossiyaning Suriyada ta’siri ancha kamaygan va Turkiya bu imkoniyatdan foydalanishga, vaziyatni Suriyada turk siyosiy manfaatlari foydasiga o’zgartirishga intiladi.
Unga ko’ra, Erdog’an bundan ichki siyosiy foyda ko’rishga ham harakat qiladi.
“Bu Turkiyaga suriyalik qochqinlarning yana bir qismini vataniga qaytarishga imkon beradi. Bu esa 2023-yil iyuniga belgilangan saylovlardan oldin Erdog’an hukumati uchun muhim siyosiy yutuq deb ko’rilishi mumkin”, - deydi Bilgich.
Turkiyaning Suriyaga qo’shin tortish ehtimoli kurdlarni “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurashda qo’llab-quvvatlayotgan AQSh noroziligiga sabab bo’lyapti. Amerikaning hozirda Suriya shimolida 900 ga yaqin askari bor. Pentagon Turkiyani bosiqlikka chaqirib, uning harakatlari Daishga qarshi umumiy kurashga zarar qilishini bildirdi.
Rossiya ham deeskalatsiyaga chaqirmoqda. Biroq Turkiya geosiyosiy pozitsiyasi kuchli ekanini ko’rmoqda, deydi tahlilchi Bilgich.
“Turkiya hozirda xalqaro va diplomatik izolyatsiyadan chiqishda Rossiyaga yordam bera oladigan mamlakatlardan biri. Turkiya AQShga ham kerak, chunki turk qo’shinlari NATOning Suriyada Rossiya qo’llab-quvvatlayotgan Assad rejimiga qarshi kurashayotgan yagona vakilidir”, - deydi siyosatshunos.
Eronning Iroq shimolida eronlik kurdlarga qarshi dron va raketa hujumlari oqibatida mintaqadagi vaziyat yanada taranglashmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha taraflarni bosiqlikka, xalqaro qonunlarga rioya qilishga chaqirmoqda.