Erdog’an turk matbuoti erkin ekanini aytarkan, jurnalistlar uning fikriga qo’shilmaydi

  • Amerika Ovozi

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining vakili va jurnalist Erol Ondero’g’li

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQShning CBS telekanaliga bergan intervyusida mamlakatda matbuot erkinligi cheklanganligi haqidagi tanqidlarni rad etib, Turkiya “tengsiz erkin” ekanini aytdi.

Erdog’an matbuotning erkin ekanini da’vo qilayotgan bir paytda Turkiyada bir necha jurnalist sudlanmoqda. Ulardan biri Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining vakili va jurnalist Erol Ondero’g’li bo’lib, u 2016-yilda “O’zgur Gundem” kurd gazetasi himoyasi uchun birdamlik kampaniyasida qatnashganlikda ayblanmoqda.

“Turkiyada nafaqat Yevropada, balki dunyoda jurnalistlarning eng ko’p qamalishiga sabab bo’ladigan og’ir muhit mavjud”, - dedi Ondero’g’li “Amerika Ovozi”ga.

Unga ko’ra, aksariyat hollarda muxbirlarni terrorchi tashkilotlarni targ’ib qilish aybi bilan qamashadi, muxolif jurnalistlarga muxbirlik guvohnomasini berish paysalga solinadi, hukumatni tanqid qiluvchi telestansiyalar radio va televideniye ishini nazorat qiluvchi oliy kengash tomonidan asossiz jarimaga solinadi, muxolif gazetalar hukumatning reklama pulidan bebahra qolgan.

Erdog’an yaqinda AQSh prezidenti bilan uchrashuvi chog’ida Jo Bayden Turkiyada matbuot erkinligi masalasini ko’tarmaganini aytib, jurnalistlarning ommaviy hibsga olinishini qayd etgan matbuot himoyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar ma’lumotlariga ishonmasligini ta’kidladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” va Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi kabi tashkilotlar so’nggi 5 yilda yuzlab hibsga olishlar yoki matbuotga qarshi sud da’volarini qayd etgan.

Shu sababdan ham, deydi Ondero’g’li, “matbuot erkinligi, tanqidiy va muqobil matbuot masalasida Erdog’an bilan fikrlarimiz bir emas”.

“Evrensel” kundalik gazetasining xabarlarga mas’ul muharriri Go’rkem Kinachiga ko’ra ham, hibsga olishlar va sud da’volari Erdog’an qarashlarining aksini ifoda etadi.

“Muxbirlar ustidan sud jarayonlari, gazetalarga qo’yilayotgan jarimalar, senzuraga oid qonunlar hukumatning so’z erkinligiga asl munosabatini yaqqol ko’rsatmoqda”, - deydi u “Amerika Ovozi”ga.

Kinachining lavozimi uni gazetaning mazmuniga qonunan mas’ul qiladi.

“Sabah” gazetasi jurnalisti Hilol Qoplonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Turkiyada muxbirlarga munosabat 2016-yil yozida davlat to’ntarishiga harakatdan keyin yomonlashgan.

Huquqiy tahdidlar

Sog’liqni saqlash vazirining o’rinbosari Salohiddin Oydinni korrupsiyada gumon qilgan maqola uchun o’tgan oy Go’rkem Kinachi va u ishlaydigan gazeta tuhmatda ayblanib sudga berildi.

Gazeta sud qaroriga ko’ra vazir o’rinbosari nomidan raddiya berganiga qaramay, Oydin ma’naviy zarar uchun kompensatsiya ham talab qilmoqda.

“Evrensel” gazetasi advokati Devrim Ovchi ushbu fuqarolik da’vosini matbuot erkinligining poymol etilishi deb ataydi va bunday da’volarning ko’pligini aytadi.

Unga ko’ra, “Evrensel” muxolif gazeta bo’lgani uchun doim shu tariqa jazolangan, biroq Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi hokimiyatga kelganidan beri bu holat kuchaygan.

Gazeta, shuningdek, prezidentni haqorat qilganlikda, jamiyatda adovat va nafrat qo’zg’atganlikda ham ayblanmoqda.

Advokat ayolga ko’ra, hukumat gazetani moliyaviy jazolab, uning ovozini o’chirishga harakat qilmoqda. Bundan tashqari, Turkiya Matbuot reklamasi agentligi gazetani hukumat reklamasi va e’lonlaridan 2019-yilda tushgan daromaddan ayirgan.

Prezidentning Kommunikatsiya boshqarmasi nazorat qiluvchi agentlik rasmiy e’lonlarni matbuotga tarqatish bilan shug’ullanadi. Rasmiy reklama va e’lonlardan tushadigan pul gazetalar daromadining bir manbaidir.

Germaniyaning “Doyche Velle” yoki “Nemis to’lqini” (Deutsche Welle) matbuot organiga ko’ra, 2020-yilda rasmiy e’lonlar uchun beriladigan pulning 78 foizi Turkiyaning hukumatga moyil gazetalariga berilgan, “Jumhuriyat”, “Evrensel”, “BirGun” kabi beshta muxolif matbuot organi esa bunday imkoniyatdan mahrum bo’lgan.

Davlat to’ntarishiga harakat bilan bog’liq tergov

2016-yilda hukumat jurnalistlarni ham amalga oshmay qolgan davlat to’ntarishida ayblab, bir nechtasi qamalgan. Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasiga ko’ra, 86 muxbir faoliyati uchun panjara ortiga tashlangan.

Matbuot erkinligini kuzatuvchi tashkilotlar Anqarani 2016-yil voqealaridan tanqidiy va muxolif kuchlarning ovozlarini o’chirish uchun bahona sifatida foydalanganlikda ayblamoqda.

Jurnalist Hilol Qoplon fikricha, ayrim muxbirlar davlat to’ntarishiga harakat paytida o’z kasbidan foydalangan.

“Turkiyada muxbirlik faoliyati orqali terror tashkilotiga xizmat qiluvchi odamlar mavjud”, - deydi Qoplon Erdog’anning ashaddiy tanqidchisi bo’lmish Gulenchilar harakatiga ishora qilib.

Harakat yetakchisi Fathulla Gulen uzoq yillardan beri AQShda yashaydi. Bir vaqtlar u bilan yaqin aloqada bo’lgan Erdog’an Gulenni davlat to’ntarishiga harakat tashkilotchisi deb biladi, ammo Gulen buni inkor etib keladi.

Gulenchilardan tashqari, Qoplon Kurdiston ishchilar partiyasi va ultra so’l qanot Inqilobiy xalq ozodlik partiyasiga xayrixoh odamlarni ham jurnalistik faoliyatini suiiste’mol qilganlikda ayblaydi. Har ikki tashkilot Turkiya va AQShda terrorchi tashkilot deb topilgan.

Qoplonga ko’ra, jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar Turkiya hukumatini muxbirlarni ta’qib etayotganlikda ayblaganida masalaning mana shu farqli tarafiga e’tibor bermaydi.

Erol Ondero’g’lining aytishicha, matbuotga qarshi qatag’onlar to’xtagani yo’q.

“Tanqidiy matbuotga dushmanlik, tanqidiy va mustaqil matbuotni tiz cho’ktirishga qaratilgan harakatlar to’xtagani yo’q”, - deydi u.