Shu oy Somali parlamenti Turkiya bilan 10 yillik mudofaa shartnomasini ma’qulladi. Unga ko’ra, Turkiya harbiy floti Somali hududiy suvlarini himoya qilish, mahalliy flotni tayyorgarlikdan o’tkazish va jihozlash majburiyatini olgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Bungacha Somalida harbiy baza tashkil etgan Turkiya Afrikaning strategik ahamiyatga ega bu qismida o’z ta’sirini yoyishga intilmoqda.
“Bu Turkiyaga Afrika Shohida ta’sirini oshirish imkonini beradi. Ba’zi mamlakatlar, Fors ko’rfazi bo’yidagi davlatlar va hatto Yaponiyaning Jibutida bazasi bor. Barchasi mintaqada, asosan, iqtisodiy maqsadlarda faol bo’lishga urinmoqda”, - deydi Anqara ijtimoiy fanlar universitetidan Elem Ayrije-Tepechiko’g’li.
Turkiya nafaqat atrofidagi dengizlarda, balki okeanlarda ham faoliyat yuritish uchun salohiyatini keskin oshirmoqda.
“Turkiya o’z eksklyuziv iqtisodiy zonalarini, suvdagi hududlarini himoya qilish uchun, ittifoqchilariga shu ishda yordam berish uchun dengizda harbiy salohiyatini namoyon qilishga zo’r bermoqda. Bilamizki, Somali qaroqchilar va boshqa tahdidlarga tobora jiddiy yuz tutmoqda”, - deydi tahlilchi Sine O’zkarashahin.
Biroq Turkiyaning Somali bilan harbiy sohada hamkorligining kuchayishi Somalining Efiopiya bilan davom etayotgan ziddiyatlariga to’g’ri kelmoqda. Tahlilchilar Anqaraning Addis-Abbeba bilan iliq aloqalariga ishora qilgan holda buning Turkiyaga zarari bo’lmasligini bashorat qiladi.
“Turkiyaning Efiopiya bilan harbiy hamkorligi, davlat rahbarlari o’rtasidagi shaxsiy munosabatlar, juda yaxshidir. Mintaqada hamma mamlakatlar xavfsizlik bobida hamkorlik uchun sherik qidiradi va Turkiya xavfsizlik ta’minoti bobida Efiopiya uchun o’ta muhimdir”, - deydi Turkiya milliy mudofaa universitetidan Mehmet O’zkan.
Isyonchilarga qarshi urushda Efiopiya ham, Somali ham Turkiyada ishlangan harbiy dronlarni ko’p ishga solgan.
Shu paytgacha Anqara har ikkisi bilan yaxshi aloqada bo’lib kelgan.
Biroq mintaqa beqarorligini hisobga olganda tahlilchilar Turkiya o‘ylab qadam bosishi kerakligini aytadi.
“Bunday siyosat uzoq muddatda Turkiyaning mintaqaviy mojarolarga aralashishiga olib kelishi mumkin. Anqara Afrika siyosatida aynan shuning oldini olishga urinmoqda, Afrika mojarolarida qatnashishni istamaydi, ammo ularga tortilishi mumkin”, - deydi Ayrije-Tepechiko’g’li.
Buning oldini olish uchun, deydi tahlilchilar, Turkiya harbiy salohiyatini ishga solish bilan birga diplomatik muvozanatlash mahoratidan ham foydalanishi zarur.