Usmoniylar imperiyasi bir vaqtlar O’rta dengizda hukmronlik qilgan. 16-asrda dengiz kuchlariga qo’mondonlik qilgan Hayriddin Poshani yevropalik tarixchilar qaroqchi va qul savdogari deb ta’riflasa-da, Gretsiyaning Lesbos orolida alban ota va grek onadan tug’ilgan qo’mondonni Turkiyada hurmat qilishadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Rajab Toyib Erdog’an “Moviy Vatan” siyosati doirasida mamlakatning o’tmishdagi harbiy-dengiz qudratini tiklamoqchi.
“Turkiya Angliya, Fransiya, AQSh kabi dengiz davlatiga aylanib bormoqda. Turkiyaning Fors ko’rfazi, Qizil dengiz, Arab dengizi va boshqa hududlardagi manfaatlari va huquqlarini himoya qilish maqsadida turk floti qudratga ega bo’lishi kerak”, - deydi iste’fodagi admiral Jem Gurdeniz.
Turkiya nafaqat sohil bo’yida, balki dengiz ichkarisida ham faoliyat yuritishi uchun qudratli flot yaratishga kirishgan. Hujumkor avianosets qurilishi ham ko’zda tutilgan.
Turk davlati Gretsiya bilan O’rta dengizda tabiiy resurslarga boy munozarali hududlarda yer talashib, dengizdagi qudratini ko’rsatishga harakat qilmoqda.
Afina ham flotini kuchaytirishi haqida e’lon qilarkan, mintaqada qurol poygasi boshlanmoqda.
“Mamlakat xavfsizligi uchun qurolli kuchlarni kuchaytirish vaqti keldi”, - dedi Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis.
Oy boshida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron O’rta dengiz atrofidagi mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashib, Turkiyaning ishtahasini kesish yo’llarini muhokama qildi. Yevropa Ittifoqi rahbarlari esa payshanba kungi sammitda tashkilotga a’zo Gretsiyani qo’llab-quvvatlab, Anqaraga qarshi sanksiyalar xususida gaplashishi kutilmoqda.
Tahlilchilarga ko’ra, Erdog’an iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli tushgan reytingini Turkiyaning dengizdagi qudratini tiklash hisobiga ko’tarmoqchi.
“Milliy tiklanishga, suverenitetni kuchaytirishga qaratilgan bu g’oya Erdog’an tarafdorlari sonini oshirib yubordi. Erdog’an u bilan odatda ish qilishni istamagan doiralar xayrixohligini ham qozonmoqda”, - deydi Qodir Has universitetidan Sarhat Guvench.
Hukumat targ’ib qilayotgan videolarda usmoniylarning o’tmishdagi shuhrati kuylanarkan, nafaqat O’rta dengizda, balki undan tashqarida ham Turkiya ta’sirini yoyish haqida va’dalar yangramoqda.
Shuhratparast flot dasturining qiymati milliardlab dollarga baholanarkan, iqtisodiy voqelik Anqaraning dengiz sultoni bo’lish rejasiga to’sqinlik qilishi mumkin.