Turkiya muxolif partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro'g'li Anqaradan Istanbulga piyoda yurib, shu bilan mamlakat bir partiyaviy tuzumga aylanib qolganidan shikoyat qilmoqda.
U buni "Adolat marshi" deya ta'riflayapti. Bir yil oldin mamlakatda Prezident Rajab Toyib Erdog'anga qarshi to'ntarishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.
Kamol Qilichdoro'g'li mana 20 kundirki yo'lda, hanuz tetik.
Xalq partiyasining 68 yoshli rahbarini bot-bot samarasiz, bo'sh muxolifatchi deya tanqid qilishadi.
Bugun u oppozitsiyani Prezident Erdog'anga qarshi oyoqqa turg'izmoqchi.
"O'zgarishni sezayapmiz. Mana 20 kundirki, o'n minglab odam bu yurishda qatnashmoqda", - deydi muxolifatchi Volkan Yosunlu. "Adolat talab qilayapmiz", - deydi u.
Namoyishchilarning qo'llarida shiorlar. "Adolat" deb yozilgan ularda. Erdog'anning zo'ri bilan minglab odamlar qamoqqa tashlandi, ishlaridan mahrum bo'ldi, deya eslatadi ular.
"Rasmiylar qamaldi, jurnalistlar hibsga olindi. Ilm ahli ham panjara ortida. Ta'lim sistemasi barbod bo'layapti. Adliya tizimi tinimsiz iskanjaga olinayapti. Mana shular bas qilinsin, adolat qaror topsin deymiz", - deydi Zaynap Altiok.
Prezident Erdog'an namoyishchilarni xoinlikda, terror guruhlari bilan til biriktirganlikda ayblaydi.
Yurish esa davom etmoqda va uning ishtirokchilari soni oshgandan oshayapti.
Mamlakatda esa prezidentning tarafdorlari hanuz ko'pchilik ekani aytiladi. Marsh o'tayotgan ko'chalarda Erdog'anning tarafdorlari uni qo'llab-quvvatlab kuylagan.
Muxolifatchilar yakshanba kuni Istanbulga yetib borishi kutilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5