Kamol Qilichdoro’g’li Turkiyaning Gandisi deya ta’riflanmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya siyosiy sahnasida bir arbob shu kunlarda Maxatma Gandi, Hindistonda adolat, erkinlik va tenglik uchun kurashgan insonga qiyoslanmoqda. Muxolifat rahbari, yaqinda saylangan Kamol Qilichdoro’g’li vazmin va kamtarligi bilan omma ko’nglini zabt etgan.

U Turkiya siyosatini tubdan isloh qila oladigan siyosatchi deya ta’riflanmoqda.

61 yoshli Kamol Qilichdor’g’li Turkiyadagi asosiy muxolif partiya, Xalq Respublikachilar Partiyasining yangi yetakchisi. O’tgan hafta bu lavozim uchun poygada g’alaba qozonib, raqiblarini dog’da qoldirdi. Kamol Qilichdor’g’li partiyani birlashtirishga va’da bermoqda.

“Korrupsiyani tugatib, adolatsizlik, nohaqlikka chek qo’yamiz. Ishsizlik va kambag’allikka qarshi kurashamiz”, - deydi u.

Muxolifat Qilichdoro’g’li Turkiyadagi eng keksa partiya sanalmish Xalq Respublikachilar Partiyasini oyoqqa turg’azadi degan umidda. Mustafo Kamol Otaturk, turk davlat asoschisi, tuzgan bu partiya so’nggi yillarda tarqoqlashib, nufuzi ancha pasayib ketgan.

Partiyaning oldingi rahbari, uni 20 yil boshqargan Deniz Baykal oy boshida ishqiy mojaro tufayli ishdan bo’shagan edi. Baykal o’z siyosiy chiqishlarida dunyoviylikka urg’u berib kelgan. Bugun mamlakatda hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasini mutaassiblikda ayblab kelgan.

Qlichdoro’g’li esa asosiy e’tiborni ishsizlik va ijtimoiy muammolarga qaratmoqda.

Tahlilchi Semih Idiz fikricha bu to’g’ri yondashuv.

Qilichdoro’g’li o’zini progressiv musulmon deb hisoblaydi. Kurdlar yashovchi mintaqadan chiqqan. Boshqa siyosatchilar singari limuzinlarda emas, jamoat transportida yurishni maq’ul ko’radi.