Vatikan rahbari, katolik dunyosi hukmdori Turkiyaga safar qilar ekan, bugun Istanbuldagi muqaddas dargohlarni ziyorat qildi.
Rim papasi Fransisk 17-asrda bunyod etilgan moviy masjidga, Sulton Ahmad jomesiga bordi.
Undan keyin esa papa Vizantiya davridan qolgan, asrlar mobaynida yo cherkov va yo masjid sifatida qo'llangan Ayo Sofiya ibodatxonasiga qadam ranjida qildi.
Qadim greklar Konstantinopol deb atagan, 1453-yildan boshlab musulmonlar qo'liga o'tgan shahar ko'rki hisoblanadi bu imoratlar. Sofiya ibodatxonasi bugun muzey. Istanbulni yiliga millionlab odamlar kelib ko'radi.
300 million pravoslav nasroniylarga rahnamolik qiluvchi Patriarx Bartolomey ham Rim papasi bilan uchrashmoqda.
Turkiya dunyoning yetakchi musulmon jamiyati. Dunyoviy va demokratik. Vatikan rahbari nazarida bu davlat buyuk ishlarni amalga oshira oladi. Suriyadagi urushdan qochgan 1,6 million insonning boshini silayotgani tahsinga sazovor, Turkiyaga bu borada yordamni oshirish kerak, deydi Fransisk.
Kecha Anqarada gapirarkan, papa fundamentalizm va terrorizmni dunyo ahli oldidagi eng muhim muammolar deb atadi. Insonlar teng yaralgan va har birimizning huquqimiz e'zozlanishi shart, dedi u. E'tiqod va iymon faqat tinchlikka yetaklaydi, bir-birimizning qonimizni to'kish xudoga qarshi qadam tashlashdir, deydi papa.
Turkiyaga qo'shni Iroq va Suriyada vahshiy jinoyatlarni amalga oshirayotgan, odamlarni yoppasiga qatl etayotgan "Islomiy davlat", Fransisk nazarida, nasroniylar va boshqa jamiki dinlarning dushmani.
U bilan muloqot qilgan Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an ham terroristlarni qoraladi, ammo G'arbni ham ko'zbo'yamachilikda aybladi. Suriyaning noshud prezidenti Bashar al-Assadni yo'q qilish kerak, deydi u, Amerika va uning ittifoqchilari bu ishni eplolmadi. Erdog'an fikricha, dunyoda islomofobiya kuchaymoqda va musulmonlarga qarshi nafrat urug'ini sochishni to'xtatishmas ekan, yoshlar terroristlar safini to'ldiraveradi.
Rim papasi zamonaviy turk davlati asoschisi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasini ham ziyorat qildi.
U, shuningdek, Mehmet Gormez, Turkiya muftiysi, bilan ham uchrashdi.
Ikki oydirki, "Islomiy davlat" Suriyaning Kobani shahrini butkul qo'lga olishga urinmoqda. Shaharni himoya qilayotgan kurd jangchilarining aytishicha, yangi hujumlar Turkiya tarafdan kelmoqda, ya'ni "Islomiy davlat" bu mamlakatdan turib xurujlar rejalamoqda.
Turkiya hukumati bu borada biror bayonot bermagan, biroq Kobani rasmiylari oxirgi bir necha bomba portlashlarini bu mamlakatdan kirganlar sodir etgan deya da'vo qilmoqda.
Orada kechgan qonli to'qnashuvlarda bugun 25 kishi o'lgan, aksariyati "Islomiy davlat" jangarilari.
Kobani uchun asosan mahalliy kurd jangchilari kurashmoqda, Amerika havo kuchlari ularni havodan qo'llab turibdi.