Tahlilchilar AQSh Suriyadan qo’shinlarini chiqarsa, Turkiya bo’shliqni to’ldirishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Pentagon askarlarni olib chiqish rejasi hozircha yo’qligini bildirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Amerikaliklar bilan yaqindan hamkorlik qilgan suriyalik kurdlar bunday ehtimoldan xavotirda.
Iroq hukumati ham AQShdan harbiylarini mamlakatdan olib chiqishni so’rab kelmoqda. Ular mintaqada “Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi jang qilish uchun qolgan.
“Iroq Bosh vaziri Shia Sudaniy AQSh elchisiga, Oq uyga xalqaro koalitsiyani tarqatish haqida rasman murojaat qilgan. Agar amerikalik askarlar Iroqni tark etsa, Suriyadan ham chiqishga majbur bo’ladi, chunki Suriya sharqidagi qo’shinlarga logistik yordam Iroqdan keladi”, - deydi Lion universitetida Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Fabris Balansh.
Joriy yilda AQSh va Turkiya o’rtasida xavfsizlik bo’yicha muzokaralar jonlandi. Kuzatuvchilar bu ikki tomonlama aloqalar yaxshilanayotganiga dalil, deydi. Bu esa amerikalik harbiylar Suriyadan chiqishi bilan Turkiyaga kattaroq ro’l o’ynashga imkon beradi.
“AQSh bilan barcha rejalarni muvofiqlashtirish kerak. Aks holda amerikaliklar chiqishi bilan bo’shliqni Assad rejimi, Rossiya va Eron to’ldiradi. Turkiya mintaqada nima qilishini bilib, shunga tayyor bo’lishi kerak”, - deydi Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqot jamg’armasidan Murat Aslan.
Turkiya va Eron azaliy raqiblar. Anqara Tehronning ta’siri kuchayayotgani haqidagi Vashington xavotirlariga qo’shiladi.
AQSh mintaqani tark etsa, Eron-Turkiya raqobati kuchayishi aytiladi.
“Anqara Eronga qarshi muvozanatni saqlash bilan shug’ullanadi. Bu aslida Amerikaning roli, turk diplomatik an’anasiga to’g’ri kelmaydi, chunki Turkiya amerikaliklar ishini qilishdan o’zini doim tortib kelgan”, - deydi sobiq turk diplomati va tahlilchi Oydin Seljen.
Turkiyaning ayni damda Iroq va Suriyada qo’shinlari bor, asosan Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi jang qilishmoqda.
Suriyada “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan isyonchi Suriya demokratik kuchlari AQSh qo’shinlari bilan hamkorlik qiladi. Anqara guruhning Kurdiston ishchilar partiyasi bilan tili bir ekanini aytadi.
AQSh qo’shinlari Suriyani tark etsa, Suriya demokratik kuchlari qiyin ahvolga tushib qoladi, deydi tahlilchilar.
“Ular kelajakdan vahimada. Mo’jizaga umid qilishyapti. Qanday mo’jiza bo’lishi kerakligini bilmayman. Suriya hukumatidan marhamat bo’lmaydi. Turkiya esa ularni yo’q qilmoqchi. Ertami-kech AQSh Suriya shimoli-sharqidan qo’shinlarini olib chiqadi”, - deydi Fabris Balansh.
Amerikaning Turkiya terrorchi deb bilan suriyalik kurdlar bilan hamkorligi AQSh-Turkiya aloqalarida tikanli mavzu edi.
Hozirgi muzokaralar o’zaro hamkorlikni oshirishga qaratilgan.