Turkiyadagi portlashlarda qariyb 100 kishi halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Turkey Blast

Turkiya poytaxti Anqarada tinchlik namoyishi paytida ikki bomba portlab, 97 kishi halok bo'lgan, jarohat olganlar 200 ga yaqin.

Xuruj temir yo'l vokzali yonida, kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati faollari aksiyaga tayyorgarlik ko'rayotgan payt ro'y bergan. O'lganlar soni oshishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, hujum ortida "Islomiy davlat" jangarilari yoki millatchi guruhlar turgan bo'lishi mumkin.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an kelasi uch kundagi barcha rejalarini bekor qilib, butun e'tiborini xavfsizlikka qaratishini bildirmoqda.

Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li esa xalqini terrorizmga qarshi birlashishga chaqirdi. Huquq-tartibot idoralari ikki kishi o'zini portlatganini taxmin qilmoqda.

Bugungi namoyish qatnashchilari armiya va kurd isyonchilari orasidagi to'qnashuvlarni bas qilib, muzokarani davom ettiring, degan shiorlar bilan chiqishni rejalagan edi. Kurdlar manfaatini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi Erdog'an hukumatini tanqid qilayapti va saylovoldi tadbirlarni bekor qilgan.

Kelasi oy Turkiyada parlament saylovlari o'tishi kerak. Qonli hujumlar mamlakatdagi vaziyatni keskinlashtirishi turgan gap.

Kurdlar yashovchi Suruj shahrida iyul oyidagi hujumni "Islomiy davlat" guruhi uyushtirganini tan olgan. O'shanda 33 kishi halok bo'lgan edi. Shundan so'ng Turkiya armiyasi bu guruhga qarshi hamda kurd jangarilariga qarshi harbiy operatsiya boshlagan.