Turkiya ta'lim grantlari orqali O'zbekiston bilan aloqani yaxshilamoqchi

Turkey Scholarships

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya grantlari, Behzod Muhammadiy


So’nggi yillarda Turkiya hukumati qardosh turkiy xalqlar bilan aloqalarni kuchaytirish yo’lidan bormoqda. Nafaqat siyosiy jabhada, balki madaniyat va ta’lim sohalarida ham o’zaro munosabatlarni jonlantirish Anqaraning mintaqa davlatlariga nisbatan olib borayotgan siyosatida muhim o’rin tutadi. “Turkiya grantlari” nomli davlat dasturi ham shu maqsadda tashkil etilgan. Ushbu dastur asosida dunyoning turli o’lkalaridan, jumladan, Markaziy Osiyodan minglab talabalar har yili o’qish uchun Turkiyaga keladi. Yaqinda “Turkiya grantlari” dasturiga navbatdagi yil uchun qabul boshlandi.

Zamonaviy Turkiya baquvvat iqtisodiyot, ilg’or jamiyat va barqaror demokratiyaga ega davlat. Bu bugun dunyoning eng tez rivojlanayotgan mamlakatlaridan biri bo’lib, iqtisodiy salohityati bo’yicha Yevropada oltinchi, dunyoda esa 16-o’rinni egallaydi.

Turkiyaning Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar bilan aloqalariga javob beruvchi vazirlik rasmiysi Sardor Gundog’anning aytishicha, xorijlik talabalarni bu mamlakatda o’qitishdan maqsad Turkiya va boshqa xalqlar o’rtasidagi aloqalarni kuchaytirishdir.

“Turkiya grantlari” dasturi Turkiya oliy ta’limini dunyoga tanitish, chet ellik talabalarga yaxshi bilim berib, ularning o’z yurtida o’z davlati va xalqiga xizmat qilishini ta’minlash hamda shu yo’l bilan bu mamlakatlar va Turkiya o’rtasidagi aloqalarni yaxshilashni ko’zlaydi”, - deydi dastur rahbari.

Turkiya xorijlik talabalar uchun grant dasturini ilk bor 1992-yilda boshlagan. Marhum prezident Turg’ut O’zal bu loyiha orqali turkiy davlatlar bilan yaqin aloqa o’rnatishni niyat qilgan edi.

Ergash Jumayev iqtisodiyot va tijorat huquqi bo'yicha Turkiyada doktorlik tadqiqotini olib bormoqda.

Ammo loyihadan ko’zlangan maqsadlar to’la amalga oshmadi. Buning bir qismi O’zbekiston kabi davlatlarning Turkiyaga talaba jo’natishni istamasligi kabi siyosiy sabablar bilan izohlansa, ikkinchidan, dastur ijrosi yaxshi yo’lga qo’yilmagan edi, deydi mavzuni yaqindan kuzatgan o’zbekistonlik tadqiqotchi Ergash Jumayev.

Your browser doesn’t support HTML5

Ergash Jumayev bilan suhbat


“O’zbekistonga har yili 80-90, ba’zan hatto 200 ta joy berilar edi. Bundan hech kumning xabari bo’lmas edi, o’z-o’zidan yo’q bo’lib ketardi. Elchixona orqali berilardi bular. Pul bo’lib ketgandi-da bu ish. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi yoki Oliy ta’lim vazirligiga har yili xat kelardi. Biz sizlarga 80 ta joy berdik, talabalarning hujjatlarini bizga jo’natinglar, deb. Ammo O’zbekiston yoki Anqaradagi O’zbekiston elchixonasi hujjatlarni jo’natmasdi. Oddiy odamlarning xabari bo’lmasdi”, - deydi u.

2010-yilga kelib Turkiya grant dasturlarini qayta ko’rib chiqishga qaror qildi. O’rtadan elchixona vositachiligi olib tashlanib, talabalardan hujjatlarini to’g’ridan to’g’ri internet orqali qabul qilish yo’lga qo’yildi. Hujjatlarni hukumatlar orqali olish bekor qilindi.

Iqtisodiyot va tijorat huquqi bo'yicha hozir Turkiyada doktorlik darajasi uchun o'qiyotgan Ergash Jumayev grant loyihasining qayta tuzilishida maslahatchi sifatida ishtirok etdi. Uning aytishicha, O’zbekiston uchun ajratiladigan o’rinlar soni cheklanmagan; qancha ko’p talaba hujjat topshirsa, shuncha ko’p o’rin beriladi.

“O’zbekistonga 80 ta o’rin beramiz, degan gap yo’q. Masalan, 200 kishi topshirdi, bu 200 kishidan 80 tasi grantga mos deb topildi. Bundan ko’p o’rin berishi ham mumkin, cheklov yo’q. Qancha ko’p odam murojaat qilsa, shuncha ko’p joy ajratiladi. Turkiya hukumati O’zbekistondan ko’proq talabalar kelishini xohlayapti”, - deydi Ergash Jumaev.

Aziza Xudoyberdiyeva “Turkiya grantlari” dasturi asosida Turkiyaning Ho’jayli universitetida tahsil olayotgan o’zbekistonlik talabalardan biri. U o’qish sifati yaxshi ekanini aytish bilan birga, universitetda har oy yashash uchun stipendiya va boshqa qulayliklar ham berilishini aytadi.

“Bakalavrlik uchun o’qiydigan talabalarga har oy 300 dollar berishadi. Bepul yotoqxona ham bor. Avtobuslar bepul. Men magistratura talabasi bo’lganim uchun oyiga oladigan stipendiyam 400 dollar. Doktoranturada o’qiydiganlar 500 dollar olishadi. O’zbekistondan kelish va ketish biletlarini ham to’lashadi. O’qishni tugatgandan keyin O’zbekistonga qaytib borib, ishlash kerak. Agar bu yerda qolmoqchi bo’lsa, olti oygacha turist bo’lib qolishi mumkin. Agar shundan keyin ham qolishni istasa, olgan grantining 70 foizini qaytarib berishi kerak”, - deydi Aziza.

Dasturga hujjat topshirish uchun talabalar O’zbekistonda bo’lishi shart emas. Dunyoning istalgan davlatidan internet orqali ariza berish mumkin.

"Turkiya grantlari" dasturi ishtirokchisi o'zbekistonlik talaba Aziza Xudoyberdiyeva

“Men 2012-yil Anqarada ishlayotgan edim, - deydi hozir grant asosida Turkiyada o’qiyotgn Aziza Xudoyberdiyeva. – Keyin shu grant haqida eshitdim. Men hamma hujjatlarni shu yerdan qildim. Internetdan topshirish mumkin. Hujjat topshirilgandan keyin suhbat bo’ladi. Da’vogar qaysi mamlakatda bo’lsa, o’sha davlatdagi Turkiya elchixonasi orqali suhbatdan o’tishi mumkin. Men Turkiyada bo’lganim uchun men bilan suhbatni shu yerda o’tkazishdi”.

Your browser doesn’t support HTML5

Aziza Xudoyberdiyeva bilan suhbat


Dasturning ilk yillarida O’zbekistonda suhbat o’tkazishning imkoni bo’lmagan. Tadqiqotchi Ergash Jumayevning aytishicha, bunga O’zbekiston hukumati ruxsat bermagan. Bunday holatlarda talabalarning imkoniyatiga qarab, suhbatni internet orqali uyushtirishga harakat qilamiz, deydi “Turkiya grantlari” dasturini boshqaruvchi Sardor Gundog’an.

Uning aytishicha, o’tgan yili grant asosida O’zbekistondan Turkiyaga 45 talaba kelgan, dunyo bo’ylab esa jami 4018 ta talabaga grant ajratilgan. Bu yil O’zbekistondan ko’proq talaba ishtirok etishiga umid qilamiz, deydi Turkiya rasmiysi.

“Biz bu yerda O’zbekiston elchisi bilan ko’rishdik. Yaxshi qabul qilishdi. Turkiya talabalar almashinuvini ikki davlat o’rtasidagi strategik ahamiyatga ega muhim masala sifatida ko’radi. O’zimizni yaxshiroq tanita olsak, aloqalarimiz yaxshilanib, O’zbekistondan ko’proq talaba hujjat topshiradi, natijada ko’proq talaba grant oladi, degan umiddamiz”, - deydi Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar vazirligining Xalqaro talabalar bo’limi boshlig’i Sardor Gundog’an.

Har yili “Turkiya grantlari” dasturiga 160 dan ortiq davlatdan talabalar hujjat topshiradi. 2013-yil uchun magistratura va doktoranturaga qabul 3-aprel kuni nihoyasiga yetdi. Ayni paytda bakalavrlik uchun hujjatlarni qabul qilish davom etmoqda. Grant haqida to’liq ma’lumotni dasturning rasmiy saytidan topishingiz mumkin.