So'rov natijasi: Iqtisodiyot va ishsizlik Turkiyada asosiy muammolardan

  • Amerika Ovozi

So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, aholining katta qismi qo'shni Ozarbayjondan boshqa biror mamlakatga ishonmasligini bildirgan.

So'rovni AQShning Germaniyadagi Marshall jamg'armasi o'tkazgan. Unga ko'ra, Turkiya aholisining 91 foizi "Islomiy davlat" jangari guruhini terrorchi tashkilot, 82 foizi esa Turkiyaga tahdid deb biladi.

Aksariyat turklar Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi jang qilayotgan isyonchilarni qo'llab-quvvatlash uchun qo'shin kiritilishiga qarshi. So'rovni o'tkazgan faollardan O'zgur Unlu-Hisarjiklining aytishicha, so'rov natijalari turklarning boshqa davlatlarga nisbatan doimiy ishonchsizligini ko'rsatgan holda yangi holatni ham aniqlab berdi.​

"So'nggi uch yilda G'arb tomon burilishni kuzatyapmiz. Bunga Turkiya chegarasidagi beqarorlik sabab deb o'ylayman. Turkiya xavfsizligi tahdid ostida. Demokratiya bobida ham o'zgarishlarni ko'ryapmiz. Bir vaqtlar jarayonni jadallashtirish uchun Yevropa Ittifoqiga kirish shartmas deb hisoblar edik. Biroq bu borada chekinish kuzatilar ekan, Yevropa Ittifoqi hali ham Turkiya uchun demokratik langar bo'lib qolmoqda", - deydi mutaxassis.

So'rovda qatnashgan turklarning 44 foizi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lishini istaydi, aksariyati Yevropa Inson huquqlari sudini ishonchga eng ko'p sazovor idora deb biladi. Ba'zilar nazarida Rajab Toyib Erdog'an va uning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi avtokratik siyosat yuritmoqda va bu tashvishga molik holat.

Shuningdek, so'rovdan ma'lum bo'lishicha, aholining 51 foizi iqtisodiyot va ishsizlikni Turkiyaning asosiy muammolaridan deb biladi, ahvol bundan keyin ham yomonlashishda davom etadi degan fikrda.

Istanbuldagi Sulaymon Shoh universitetidan siyosatshunos Chingiz Aktarning aytishicha, "Adolat va taraqqiyot" partiyasi saylovlarda ko'p ovoz to'play olmasligi mumkin.

"So'rov iqtisodiyotning og'ir ahvoldaligini isbotlamoqda. Partiya iqtisodiy yutuqlar hisobiga o'tmishda saylovlarda muvaffaqiyat qozonib kelgan. Shu sabab saylovchilarning nega partiya siyosatidan ranjiyotganini tushunsa bo'ladi", - deydi Aktar.

Saylovlar 1-noyabrda o'tkaziladi. "Adolat va taraqqiyot" partiyasi iyun saylovlarida parlamentdagi ko'pchilik o'rinlarni boy berganidan so'ng mavqeini tiklashga urinmoqda. Biroq so'nggi ijtimoiy so'rov natijalari bu ish oson bo'lmasligini ko'rsatmoqda.