Turkiya qo’shni Suriyada kurdlarga qarshi amaliyot boshlash uchun qo’shin kiritish arafasida turibdi. Suriyadagi mojaro davrida kurdlarni qo’llab-quvvatlagan Qo’shma Shtatlar Anqara harakatlaridan norozi.
Your browser doesn’t support HTML5
Turkiya hukumati suriyalik kurd bo’linmalarini Turkiya ichida harakatlanayotgan bo’lginchi kurdlarga aloqadorlikda ayblaydi. Xususan yaqinda Istanbulda sodir etilgan xurujni Anqara aynan suriyalik kurdlarning Xalq mudofaa otryadlaridan ko’ryapti. Guruh ayblovlarni rad etmoqda.
Turk qo’shinlari chegaradan Suriya ichkarisida 30 kilometrgacha bo’lgan xavfsiz koridor tashkil etmoqchi.
"Qisqa vaqt ichida uchta hujumda ko’p tinch fuqaro o’ldi. Oxirgi sakkiz oyda esa yuzdan ortiq harbiylarimiz nobud bo’ldi”, - deya tushuntiradi amaliyot sabablarini Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
“Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi kurashuvchi Xalq mudofaa otryadlari AQSh bilan hamkorlik qiladi, biroq Turkiyaning do’q-po’pisalari sabab kurdlar Daishga qarshi amaliyotlarining bir qismini to’xtatishga majbur bo’lgan.
“AQSh ikki noqulay variantdan birini tanlashiga majbur bo’lib qoladi. 2014-yildan beri Daishga qarshi kurashayotgan kurd ittifoqchilaridan yuz o’girishga yoki Turkiya bilan to’qnashishga”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil instituti ilmiy xodimi Asli Oydintoshbosh.
Vashington Anqaradan Suriyaga qo’shin kiritimaslikni so’rayapti. Suriya hukumatini qo’llab-quvvatlayotgan Moskva ham shunday qilgan. Rossiya Suriya havo sarhadlarini nazorat qilarkan, Turkiya qo’shni mamlakatga qo’shin kiritishdan oldin Moskva ruxsatini olishga majbur.
“AQSh ham, Rossiya ham amaliyotga yo’l qo’ymasligi oydinlashmoqda. Buni ko’rgan Prezident Erdog’an shashtidan qaytgan ko’rinadi va hozir savdolashyapti”, - deydi iste’fodagi turk generali Holdun Solmazturk.
Anqara amaliyotdan voz kechish evaziga AQShni qiruvchi samolyotlarini unga sotishga ko’ndirib ko’rmoqchi. Masala AQSh Kongressida turib qolgan.
Biroq tahlilchilarga ko’ra, Erdog’anning chekinishi vaqtincha bo’lishi mumkin, chunki kelasi yili mamlakatda prezident va parlament saylovlari kutilar ekan, Erdog’anning saylovchilarga zaif bo’lib ko’ringisi yo’q.
“Amaliyot millatchi saylovchilarning jipslashishiga yordam beradi. U hozircha qoldirilishi mumkin, ammo Suriya shimolida harbiy amaliyot o’tkazish ehtimoli saylovgacha yo’q bo’lmaydi”, - deydi sobiq diplomat va tahlilchi Oydin Seljen.