Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Suriyada kurd jangarilariga qarshi hujum boshlashni buyurdi. Anqara AQSh o’z himoyasiga olgan kurd qurolli bo’linmalarini terrorchilar deb biladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Biroq Shvetsiya va Finlyandiyani NATOda ko’rishni istayotgan Vashington bu masalada Turkiya yordamiga muhtoj ekan, ayrim kuzatuvchilar fikricha, AQSh uning Suriyadagi harbiy amaliyotiga ko’z yumishi mumkin. Shunga qaramay, Vashington amaliyotdan noroziligini yashirmadi
“NATO a’zolari kengayish masalasida Turkiya yordamiga muhtoj bir paytda Anqara diplomatik jihatdan pozitsiyasi kuchli ekaniga ishonmoqda. Suriyadagi harbiy amaliyotga nisbatan tanqid ham G’arb tomonidan cheklangan bo’lishi kutilmoqda”, - deydi Istanbuldagi Iqtisodiyot va tashqi siyosatni o’rganish markazi tahlilchisi Sinan Ulgen.
Ushbu amaliyot natijasida Turkiya Suriyaning o’z chegarasi tarafidagi qismida nazoratini kengaytirmoqchi. Vashington bilan ziddiyatlar kuchaymasligi uchun Suriyaning Amerika qo’shinlari joylashgan hududlari amaliyot jug’rofiyasidan chetda qoldirildi. Buning o’rniga Turkiya Rossiya qo’shinlari va Suriya hukumati nazoratidagi kurd rayonlarini nishonga olmoqchi.
Biroq buning o’ziga yarasha xavfi bor, deydi tahlilchilar.
“Damashq bundan xursand bo’lmasligiga shubha yo’q. Biroq e’tiroz bildirish uchun yetarlicha kuchga ega emas. Agar ruslar turk samolyotlari uchun havo sarhadlarini yopib qo’ysa, belgilangan maqsadlarga erishib bo’lmaydi. Eron ham Turkiya intervensiyasidan norozi. Ular bu haqda ochiq gapirgan. Ruslar hozir har ikki taraf bilan muloqot qilmoqda”, - deydi Istanbuldagi Qodir Has universitetidan Soli O’zel.
Erdog’an Ukrainadagi urush sabab Rossiyaga sanksiya qo’ymayotgani uchun Moskvaga o’z so’zini o’tkazishi mumkin degan taxmin mavjud. Biroq Kreml Turkiyaning Suriyadagi rejasidan xavotir bildirib, Suriyaga bir necha jangovar samolyot yubordi.
Bugun Anqarada Turkiya rasmiylari bilan uchrashgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, uning mamlakati Turkiyaning Suriya bilan chegarada yuzlashayotgan tahdidlar bo’yicha xavotirlarini yaxshi tushunadi.
“AQSh qo’shinlarining Suriyadagi noqonuniy faoliyati bo’lginchi harakatlarni avj oldirmoqda. Tashqi kuchlar bizning chegaramizda ham tahdidlar yaratmoqda. Shu sabab Turkiya xavotirlarini tushunamiz va Suriya masalasida hamkorlik qilishda davom etamiz”, - dedi Lavrov.
“Har qanday amaliyot beqarorlikka yetaklaydi. Turklar ruslar bilan bu masalada oldi-sotdi qilish ehtimoli mavjud. Vashington Rossiyani yakkalashga intilar ekan, Suriya amaliyoti doirasida ikki tomonlama hamkorlik bo’lishini istamaydi”, - deydi Filadelfiyada joylashgan Tashqi siyosatni o’rganish institutidan Aaron Stayn.
Ayrim kuzatuvchilar nazarida, kelasi yili qayta saylanishga umid qilayotgan Erdog’an uchun Suriyadagi har qanday amaliyot saylovchilari tomonidan ijobiy qabul qilinadi.