Turkiya Qo’shma Shtatlarga koronavirusga qarshi kurash uchun niqoblar, respiratorlar, yuz qalqonlari, himoya kostyumlari va ko’zoynaklari yuborgan. Yuk ortilgan harbiy samolyot Merilend shtatiga qo’ngan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Ushbu yordam o’z hayotini xavf ostiga qo’yib, boshqa odamlar hayotini saqlash uchun kunu tun xizmat qilayotgan tibbiy xodimlar og’irini yengillashtirishga qaratilgan”, - dedi Turkiyaning AQShdagi elchisi Sardor Qilich.
Yukni AQSh tomonidan qabul qilib olgan davlat kotibi yordamchisi Filip Rikerning aytishicha, Turkiya kabi ittifoqchilar va hamkorlar yordami o’ta muhimdir.
Rasmiylardan biriga ko’ra, samolyot 500 mingta jarrohlik maskasi, 2000 litr dezinfeksiya vositasi, 400 ta N-95 maskasi, 500 ta yuz qalqoni, 1500 ta ko’zoynak va 4000 ta himoya kombinezoni yetkazgan.
Anqara bungacha Britaniya, Italiya, Ispaniya – jami 55 mamlakatga o’xshash yordam yuborgan.
Dunyo bo’ylab koronavirusga chalingan 3 milliondan ziyod odamning bir milliondan ortig’i AQSh hissasiga to’g’ri keladi. Bu mamlakatda salkam 60 ming odam o’lgan.
Bu o’rtada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an AQSh rahbariga maktub yo’llab, Donald Trampdan ikki mamlakat aloqalarining strategik ahamiyati haqida Kongressga uqtirishni so’ragan.
Turkiya Rossiyadan S-400 havo mudofaasi tizimlarini xarid qilishi ketidan amerikalik qonunchilar Anqarani sanksiyalar bilan jazolashga do’q-po’pisa qilgan.
Erdog’anning maktubda aytishicha, Turkiya koronavirus pandemiyasi paytida birdamlik ruhini namoyish etgan, Kongress va AQSh matbuoti buni tushunib yetishi kerak.