Turkiyaliklar uchun AQSh dushman, O‘zbekiston nodo‘st davlatmi?

Istanbuldagi Qodir Xas universiteti jamoatchilikning Turkiya tashqi siyosati haqidagi tasavvurlariga doir o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qildi. Ushbu so‘rovnomada Turkiya uchun xavf tug‘diradigan davlatlar ro‘yxatining yuqori pog’onasiga AQSh qo‘yilgan. So‘rovnoma qatnashchilari AQShni “ishonchsiz” davlat sifatida ta’riflashgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiyaliklar uchun AQSh dushman, O‘zbekiston nodo‘st davlatmi?

Anqaradagi Inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi (ANKASAM) tahlilchisi Olimjon Sobir so‘rovnoma natijalarini Anqara va Vashington munosabatlaridagi oxirgi ziddiyatlarga bog‘lash unchalik to‘g‘ri emasligini, turk jamoatchiligida AQSh borasidagi salbiy qarash ancha oldin paydo bo‘lganini aytadi.

“Jamoatchilik fikri nega bunday bo‘ldi? Buning bugungi kundagi muammolarga aloqasi yo‘q. Jamoatchilik fikrini 20 yil oldin 2002-yilda AK partiyasi (Adolat va taraqqiyot) hokimiyatga kelishidan oldin so‘raganingizda ham shunga o’xshash natija chiqqan bo‘lardi. 2000-yilda ham, 1990-yilda ham, undan oldin ham. Ikkinchi jahon urushidan keyingi Turkiya-AQSh munosabatlari tahlil qilinsa, AQShning Turkiyaga ta’siri juda katta bo‘lgani ko‘rinadi. Buning oqibatida AQSh turk jamoatchligi nazdida “katta og‘a” sifatida namoyon bo‘lgan”, - deydi tahlilchi.

Olimjon Sobirga ko‘ra, Turkiya oxirgi yillarda AQShning ta’sir doirasidan chiqishga urinyapti, o‘zini mintaqaviy kuch sifatida his qilyapti va bu jihatlar Anqaraning tashqi siyosatida yaqqol ko‘rinyapti.

Qodir Xas universiteti tadqiqotchilari o‘tkazgan so‘rovnomadan o‘rin olgan “Turkiyaning do‘stlari” ro‘yxatida uchinchi o‘rinda O‘zbekiston turibdi. Qizig‘i, O‘zbekiston mazkur ro‘yxatning yuqori qatorida turganiga qaramay, so‘rov qatnashchilarining atigi qariyb 35 foizi bu mamlakatni Turkiyaga do‘st, 42 foizdan ortig‘i esa do‘st emas deb hisoblashini aytgan.

Karabuk universitetida xalqaro munosabatlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan Fazliddin Madiyev bu holatni O‘zbekiston va Turkiya aloqalari ancha yillar sovuq bo‘lib turgani, oxirgi vaqtda yaxshilangan bo‘lsa-da, oddiy turkiyaliklar hali bundan bexabarligi bilan izohlaydi.

“Albatta bu so’rov natijasining ma’nosi, tagi bor: O‘zbekistonning Turkiya bilan munosabatlari oxirgi 29 yilda ancha sovuqlashgan, obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra turg‘unlik holati kelib chiqqan. Ya’ni yo‘qotilgan yillarning hosilasi deyish mumkin. Bunday so‘rovnomalar Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarda o‘tkazilsa, natija bundan ham salbiy bo’lishi mumkin. Chunki O‘zbekistonning tashqi imiji yaxshi emas. Har tomonlama – iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy jihatdan ijobiy ko‘rsatkichlarga ega davlat hisoblanmaydi. Albatta, bu oddiy odamlar orasida. Lekin yuqori siyosatda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari strategik sheriklikka asoslangan. Bu ikkinchi prezident Shavkat Mirziyoyev davrida juda jadallashdi. Ikki davlat prezidentlari, adashmasam, uch marta rasmiy va to‘rt marta norasmiy ravishda uchrashgan. Bu uchrashuvlarda strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar tuzildi”, - deydi Madiyev.