Turkiya-O’zbekiston munosabatlari yaxshi va qiyin kunlarni boshdan kechirgan. Ayni damda aloqalarda sovuqlik kuzatiladi. So’nggi yillarda rasmiy Toshkent Anqara tashabbusi bilan o’tkazilgan xalqaro yig’inlardan o’zini tortib keladi. Kuzatuvchilar fikricha, Turkiya Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan olib borayotgan siyosati doirasida O’zbekiston bilan ham yaqin qardoshlik aloqalarini qayta tiklashni istaydi. Ammo O’zbekiston bu tashabbusga ijobiy javob qaytargani yo’q.
Turkiya dunyoda O’zbekiston mustaqilligini birinchi bo’lib tan olgan davlat. 90-yillar boshidan bugungacha ikki mamlakat o’rtasida 90 dan ortiq turli hamkorlik bitimlari imzolangan. O’zbekistonda hozir 500 dan ziyod turk kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Yillik savdo aylanmasi bir milliard dollardan oshadi.
Ammo bu raqamlar Turkiya-O’zbekiston aloqalarining bugungi ahvolini haqqoniy ko’rsatib bera olmaydi. Ikki qardosh xalq siyosiy darajada sovuq munosabatlarga ega. Bu hukumatlar o’rtasida bordi-keldining keskin kamayishidan tortib, O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan turk biznesmenlari faoliyatiga ham, turli madaniy tadbirlar o’tkazuvchi fuqarolik jamiyati hayotiga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
Dastlab, nurchilik diniy mafkurasini targ’ib qilayotganlikda ayblanib, O’zbekistonda turk litseylari yopildi. U yerda tahsil olgan talabalar davlatning qora ro’yxatiga tushdi. Ular orasida sudlanib, diniy ayblovlar bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilganlar ham bor. Tahlilchilar bu ayblovlar ortida siyosiy va diniy sabablar turganini aytishadi.
So’nggi yillarda Toshkentda faoliyat yuritgan bir qator turk kompaniyalari va do’konlari ham hukumat nishoniga tushdi. Qonunni buzganlikda ayblangan tadbirkorlarning mulklari davlat hisobiga musodara etilib, bir necha turk fuqarosi jinoiy va iqtisodiy javobgarlikka tortildi.
Ayrimlar Toshkentning bu xatti-harakatiga javoban Anqaraning qarshi chora ko’rmaganidan ajablanadi. Boshqalar esa Turkiya hukumati sabr qilayotganini, bu kabi yo’qotishlarga qaramay, aloqalarni qayta tiklash imkoniyati tug’ilishidan umidvor ekanini aytadi. Turkiyaning Xorijdagi turklar va qardosh xalqlar idorasi rasmiysi Sardor Gundog’anning aytishicha, ana shunday imkoniyatlardan biri ta’lim va madaniyat sohasidadir.
Biz O’zbekiston bilan maorif sohasida yaqin aloqa o’rnatish niyatimiz bor; har yili o’zbekistonlik talabalarga grant ajratamiz, deydi turk rasmiysi. Uning aytishicha, O’zbekistonning Anqaradagi elchisi bu masalaga iliq munosabat bildirgan. Shu yo’nalishda aloqalarimiz kutilgan samara beradi deb umid qilaman, deydi Sardor Gundog’an.
Turkiyada tadqiqot olib borayotgan o’zbekistonlik Ergash Jumayev bu davlat tomonidan aloqalarni iliqlashtirishga harakatlar bo’layotganini, ammo Toshkent bunga befarq qarayotganini aytadi.
“Turkiya hukumatidan O’zbekistonga nisbatan yaqinlashish bor, ammo Toshkent olg’a qadam tashlamayapti, - deydi Jumayev. - Masalan, uch oy oldin turizm vaziri O’zbekistonga borib, Anqara yoki Istanbulda Alisher Navoiy markazini, O’zbekistonda esa Yunus Emro madaniyat markazini ochaylik, deb taklif berdi. Hozir Yunus Emro madaniyat markazi dunyoning 40 ta davlatida bor. Atrofdagi butun mamlakatlarda, hatto Afrikada ham bor. Faqat O’zbekistonda yo’q” - deydi Jumayev.
Turkiyaning Xo’jayli universitetida xalqaro munosabatlar va diplomatiya bo’yicha tahsil olayotgan yosh tadqiqotchi Aziza Xudoyberdiyevaga kor’a, sovuq aloqalar tarixi mustaqillikning ilk yillariga borib taqaladi.
“Kelishmovchilik prezident Sulaymon Demirel davridan boshlangan, - deydi u. - Yana bir fikrga ko’ra, turklar kelib O’zbekistonda nurchilar harakatini boshladi. Lekin men buni Sulaymon Demirel davridagi kelishmovchilik va “Erk” partiyasining Turkiyadan boshpana olishiga oid siyosiy nizolarga bog’layman. Toshkent Anqaraning biznes orqali O’zbekistonda ayrim maqsadlarni targ’ib qilmoqchi bo’layotganidan xavotirda. Natijada O’zbekiston o’zini yopyapti”.
Aziza Xudoyberdiyevaga ko’ra, yaqinda turk tadbirkorlarining O’zbekistonda sudga tortilishi ham o’zaro munosabatlarni yanada taranglashtirdi.
“50 nafar turk biznesmeni “Jasliq” qamoqxonasiga otildi, - deydi u. - Turkiyaning Toshkentdagi elchisi bilan yuzma-yuz ko’rishib, nima uchun bunday bo’ldi, deb so’radim. “O’z odamlaringiz qamoqqa tashlandi, nega hech narsa qilmayapsizlar” dedim. U dediki, “tadbirkorlarimizdan xato o’tdi. Poraxo’rlik va noqonuniy, noto’g’ri yo’llar bilan pul qilishga harakat qilishdi, shuning uchun qamalishdi”.
O’zbekistonlik tahlilchiga ko’ra, diniy va siyosiy mafkuraga ega nurchilik harakati ham ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarning sovuqlashishiga katta hissa qo’shgan.
“Nurchilar harakati Fathulloh Gulen degan odamning nomi bilan bog’liq. Uning harakatlarini, targ’ibotlarini nafaqat O’zbekiston, balki men ham xatarli deb hisoblayman. Chunki ular din bilan siyosatni bir-biriga bog’lashyapti. Mening fikrimcha, din boshqa, siyosat boshqa bo’lishi kerak”, - deydi u.
Tadqiqotchi Ergash Jumayev aloqalarni, avvalo, ta’lim va madaniy yo’nalishlarda yaxshilash kerakligini aytadi.
“Aloqalarni, dastlab, ta’lim sohasidan boshlash kerak. Masalan, bu yerda o’zbekistonlik talabalar sonini oshirish ham O’zbekiston uchun, ham Turkiya uchun ijobiy hol. 1999-yilgacha eng ko’p talabalar O’zbekistondan bo’lgan edi. 2000 dan ko’p talaba bo’lgan. Turkiya-O’zbekiston aloqalari sovuqlashgach, bir kunda, uzog’i bilan ikki kunda butun o’zbekistonlik talabalarni bu yerdan olib ketishdi. Shundan keyin O’zbekistondan studentlarning kelishi kamaydi”, - deydi Jumayev.
Aziza Xudoyberdiyeva esa aloqalarni norasmiy shaklda rivojlantirish tarafdori. Turk rasmiylarining ham hafsalasi pir bo’lmoqda; ular ham endi fuqarolik jamiyati orqali faqat oddiy xalq bilan ishlashni afzal ko’rmoqda, deydi u.
“Turk jumhuriyatlari ittifoqi bor Turkiyada, - deydi u. - Xo’jayli shahrining hokimi Ibrohim Qorausmono’g’li uning prezidenti. Har yili turli respublikalarda dasturlar o’tkazishadi. Bu yilgisi O’zbekistonga to’g’ri keldi. Yuzma-yuz gaplashganimda O’zbekiston bilan hech qanday aloqa o’rnata olmayapmiz, deb nolidi. O’zbekistonga borganda xafa bo’laman, hukumatingiz bizga dushmandek qarayapti, deydi. Shu odam bundan keyin endi O’zbekistonda biror ish qilmoqchi bo’lsak, davlat bilan ishlamaymiz, balki sizga o’xshagan oddiy odamlar bilan ishlaymiz, deyapti”.
O’zbekistonlik har ikki tadqiqotchi Turkiya-O’zbekiston munosabatlarini yaxshilashni iqtisodiy va madaniy jabhalardan boshlash kerakligini va bu borada olib borilayotgan ishlarga siyosiy sovuqlik halaqit bermasligi lozimligini ta’kidlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5