Turkiyada ayollarga qarshi zo‘ravonlik – og‘riqli muammo

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik turk jamiyatining eng og‘riqli va dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. “Ayollar o‘limini to‘xtatamiz” platformasi ma’lumotiga ko‘ra, Turkiyada 2020-yilda 300 nafar, 2021-yilning yanvar oyida 23, fevralida esa 28 nafar ayol o‘ldirilgan. Statistika maishiy zo‘ravonlik keng quloch yozganini ko‘rsatadi – ayollar eng birinchi navbatda turmush o‘rtog’i, otasi yoki aka-ukalaridan jabr ko’rgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiyada ayollarga qarshi zo‘ravonlik – og‘riqli muammo

“Amerika Ovozi” turli kasb egalari bo‘lgan turkiyaliklarning ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sabablari haqidagi fikrlari bilan qiziqdi. Eyup Sallabash ismli elektrikka ko‘ra, bu avvalo johillik va qonunlarning yetarli emasligi bilan bog‘liq. Reklama agenti bo‘lib ishlaydigan Merve Sariyildiz jamiyatda erkaklar va ayollar o‘rtasida teng huquqlik ta’minlanmagan degan fikrda.

“Qizlar oilalarining bosimiga uchramasligi, erta turmush qurishga majburlanmasligi kerak. Qizlar o‘qisin, kasb egasi bo‘lsin. Umid qilamanki, jamiyatimizda hamma buning qanchalik muhimligini bir kun kelib tushunib yetadi”, – deydi u.

“Zo‘ravonlik holatlarining ko‘plab sabablari bor, – deydi Burhan Chinar ismli grafik dizayneri. - Eng muhimlaridan biri - jazolarning haqiqatan og‘ir emasligi. Masalan, og‘ir jinoyatlar, kun tartibiga chiqqan va jamiyat vijdonini qiynagan jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bo‘lganida edi, ham jamiyat bundan foyda ko’rgan, ham adolat o‘z o‘rnini topgan bo‘lardi”.

Izmir shahridagi advokatlar hay’ati bosh kotibi, ayollar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanib kelayotgan Perihan Kayadelen zo‘ravonliklarning bunchalik ko‘pligini hukumatning noto‘g‘ri siyosati mahsuli deb hisoblaydi. Uning aytishicha, yurt yetakchilari muntazam ravishda xotin-qizlarni kamsituvchi, ularning erkinliklari, jinsiy tenglikka qarshi bayonotlar beradi.

“Biz gender tengligi ta’minlansin deyapmiz, lekin bir-ikki yil avval gender tengligi tushunchasi ham Xalq ta’limi va’zirligi, ham Oliy ta’lim kengashi tomonidan o‘quv dasturlaridan olib tashlandi. Hukumat xotin-qizlar huquqlarini nishonga olgani sari zo‘ravonlik holatlari ortib boryapti”, – deya tushuntiradi Kayadelen.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an farmoniga binoan 20-mart kuni Turkiya Yevropa Kengashining ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar va maishiy zo‘ravonlikning oldini olish hamda bunday holatlarga qarshi kurashishni ko‘zda tutuvchi konvensiyasidan chiqdi.

Ushbu hujjat 2011-yilda Istanbulda qabul qilingani sababli Istanbul konvensiyasi deb ham ataladi. Prezidentning farmoni muxolifat va huquq himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar noroziligiga sabab bo‘ldi.

Turk hukumati konvensiyadan chiqishini quyidagicha izohladi:

“Avvaliga ayollar huquqlarini mustahkamlashni targ‘ib etishni maqsad qilgan Istanbul konvensiyasi Turkiyaning ijtimoiy va oila qadriyatlariga mos kelmaydigan gomoseksualizmni normallashtirishga uringan guruhlar tomonidan manipulyatsiya qilindi”.

“Hukumatning o‘zi hamma narsani manipulyatsiya qilyapti. Konvensiyani ochib, yaxshilab o‘qishsin. Bu konvensiya ayolning kim bo‘lishidan va gender identifikatsiyasidan qat’i nazar, unga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qaratilgan. Hukumat esa konvensiya orqali muayyan kishilarni nishonga olyapti. Oqibatda LGBTga qarshi zo‘ravonlik ortyapti, afsuski, yurtimizda ularning xavfsizligi ta’minlanmagan. Vaholanki, Istanbul konvensiyasi zo‘ravonlikning har qanday turiga qarshi”, – deydi Kayadelen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya parlamenti ratifikatsiya qilgan konvensiyadan prezidentning farmoni bilan chiqish to‘g‘ri emas va ayni paytda bir guruh advokatlar farmonning noqonuniy ekanligini isbotlashga harakat qilyapti.

Hukumat esa Turkiyaning Istanbul konvesiyasidan chiqishi ayollar huquqlarini himoya qilishdan voz kechilganini bildirmasligini, aksincha zo‘ravonlikka qarshi yanada qat’iy kurash olib borilishini bildirmoqda.