Turkiyada prezident va parlament saylovlariga ikki kun qoldi. Kecha prezidentlikka to’rt nomzoddan biri, “Mamlakat” partiyasining raisi Muharram Inje poygadan chiqishi haqida ma’lum qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Matbuotdagi xabarlarga qaraganda uni bunga internetda tarqalgan shahvoniy video majbur qilgan. Inje videoning soxta ekanini, undagi odam u emasligini ta’kidlaydi.
Qayta saylanishga harakat qilayotgan Prezident Rajab Toyib Erdog’an Anqarada saylovchilar oldidagi chiqishida bu ish ortida uning asosiy raqibi Kamol Qilichdoro’g’li turganini da’vo qildi.
Olti muxolif partiya ishtirokida tuzilgan blokdan yagona nomzod, Respublikachilar xalq partiyasining raisi Qilichdoro’g’li bunga ruslar qo’l urganini aytib, Moskvani Turkiya saylovlariga aralashmaslikka chaqirdi. Kreml matbuot kotibi buni inkor etdi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Injening poygadan chiqishi so’rovlarda Qilichdoro’g’lidan bir necha foiz ortda kelayotgan Erdog’anga zarar qilishi mumkin, chunki saylovning birinchi bosqichida qancha ko’p nomzod qatnashsa, pozitsiyasi zaifroq ko’rinayotgan Erdog’anda keyingi bosqichga chiqishga imkoniyat shuncha ko’p bo’ladi.
Turkiyaning iqtisodiy muammolari va hukumatning zilzilaga sust javobi hamda Qilichdoro’g’lining demokratik islohotlar haqidagi va’dalari Erdog’anga qayta saylanishda eng katta to’siqlardir.
“Erdog’an o’zini xalqqa mudofaa, iqtisodiyot, zilziladan jabr ko’rgan rayonlarni tiklash, tashqi siyosat bobida mamlakatni inqirozli davrda va xalqaro beqarorlik hukm surayotgan vaziyatda boshqarishga qodir kuchli davlat arbobi qilib ko’rsatishga harakat qilyapti”, - deydi Usmon Sert ismli ekspert.
Kamol Qilichdoro’g’lining imiji Erdog’annikidan farq qiladi. Murosani to’qnashuvdan afzal ko’radigan, xalqqa murojaatlarini YouTubeda asosan oshxonadan turib tayyorlaydigan, iste’foga chiqgan davlat xizmatchisining qiyofasi.
“Qilichdoro’g’lining siyosiy pozitsiyasiga ahamiyat berish kerak. So’nggi 5 yil davomida u mamlakatning turli tabaqalari o’rtasida ko’prik qurishga harakat qilyapti”, - deydi Sert.
Olti partiyadan iborat blokga dunyoviy tuzum tarafdorlari ham, islomiy partiya ham, Erdog’anning sobiq vazirlari ham kirgan. Qilichdoro’g’li Turkiyani parlament tizimiga qaytarishni va’da qilmoqda.
Iqtisodiyot yana bir omil. 40 foizdan oshib ketgan inflyatsiya, qimmatchilik elektoratni tashvishga solayotgan muammolar.
“Albatta, iqtisodiyot. Iqtisodiyot birinchi darajali masala. Barcha tabaqalar kamida bir pog’ona pastga tushdi. Iqtisodiy inqiroz hammaga ta’sir qildi”, - deydi turkiyalik yana bir tahlilchi Sezin O’ney.
Erdog’anning 20 yillik boshqaruvi davrida mamlakatda vujudga kelgan yangi kuchli konservativ sinf shu paytgacha unga sodiq edi.
“Adolat va taraqqiyot” partiyasi katta yoshdagi elektoratni birlashtirib, ko’pdan beri ularning ovozlariga tayanib, ularga g’amxo’rlik qilib kelayotgan edi”, - deydi O’kan universitetidan Zaynab Olimdor.
Chet elda yashayotgan turklar erta ovoz berdi. 1,8 millionga yaqin byulleten 73 mamlakatdan va xorijdagi 156 ta diplomatik idoradan bugun Anqaraga yetkazildi va saylov kuni hisoblanadi.
Birinchi bosqichda hech bir nomzod kamida 51 foiz ovoz to’play olmasa, ikki yetakchi nomzod 28-may kuni qayta bellashadi.