Vashingtonda “Everett uyi” nomi bilan tanilgan imorat – Turkiyaning AQShdagi elchisi qarorgohi bo’lib, bir paytlar bu uyda Amerika jaz va pop musiqasi sadolariga o’zgacha jilo bergan “Atlantik rekords” ovoz yozish studiyasiga asos solgan turk millatiga mansub aka-uka yashagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Aytish joiz, Amerika musiqa madaniyatida chuqur iz qoldirgan Nesuhi va Ahmet Ertegun Istanbulning Uskudar mahallasida joylashgan, 1750-yillarda buxorolik hojilar tomonidan qurilgan va Naqshbandiya tariqatiga mansub o’zbek darvishlari takasi hududida dafn etilgan. Ularning otasi Mehmet Munir Ertegun Turkiya Respublikasining AQShdagi ikkinchi elchisi bo’lgan. Ertegunlar Markaziy Osiyodan chiqqan shayxlardan birining avlodi hisoblanadi.
Vashingtonning elchixonalar joylashgan ko’chasidagi Everett uyida Turkiyaning hozirgi elchisi yashaydi. Imoratni salkam 100 yil avval badavlat tadbirkor Evdard Everett qurdirgan. Biznesmen 1929-yilda vafot etganidan so’ng uyni Turkiya hukumati avval ijaraga oldi, so’ng hamma mebellari bilan xarid qildi. 1935-yili Turkiyaning Vashingtondagi ikkinchi elchisi Mehmet Munir Ertegun oilasi bilan shu uyga ko’chib kirdi. Elchi va uning o’g’illari Ahmet va Nesuhi jaz musiqasini sevardi.
“Elchi Munir Ertegun va uning farzandlari jazning eng katta muxlislari edi, elchixonada jaz tadbirlarini uyushtirib, Amerika jaz musiqasining ko’zga ko’ringan ustalarini, nafaqat oq tanli, balki qora tanli musiqachilarni ham taklif etishardi. O’sha payt Amerikada irqqa qarab ajratish kuchli edi va turk elchisining bu harakatlari o’sha davr uchun jasoratdek bir ish edi”, - deydi Turkiyaning hozirgi elchisi Sardor Qilich.
Bu hol ayrim qudratli siyosatchilarga yoqmasdi. Janublik bir kongressmen elchi Ertegunga xat yo’llab, qora tanlilar elchixonaning old eshigidan kirishganidan noroziligini bildiradi.
“Elchining javobi shu bo’ldiki, Turkiya uchun ular Amerika jamiyatining teng huquqli fuqarolari va barcha mehmonlar old eshikdan kirishga haqli”, - deydi Sardor Qilich.
Aka-uka Ertegun ulg’ayib, “Atlantik rekords” ovoz yozish studiyasiga asos solishadi. Studiya ayrim san’atkorlarning yuksalishida yordam berdi va ular o’z navbatida Amerikada rok n roll, jaz, ritm-end-blyuz musiqalariga yangicha mohiyat bag’ishladi.
“Qora tanlilar turk elchisining uyini Vashingtondagi eng xavfsiz joy deb bilgan. Elchining bunday munosabatidan yevropaliklar ularni va qora tanlilar musiqasini hurmat qilishini tushunishgan”, - deydi Afro-amerikaliklar tarixi muzeyi xodimi Jon Vittington.