Turkiston muxtoriyatining yuz yilligi O’zbekistonda ham, mintaqaning boshqa davlatlarida ham rasman xotirlanmadi. Buning ortidan bir guruh faollar Toshkentda jamoatchilikni "Turkiston muxtoriyati" tarixi bilan tanishtirish harakatini boshlamoqchi. Ular Turkiston bosqini bilan bog’liq tarix sahifalari jamoatchilik va yoshlar xotirasidan o’chib borayotganidan norozi.
Rossiya bosqinidan so`ng tarqoqlashgan mintaqani birlashtirishga uringan Turkiston muxtoriyati tarixda eng qisqa umr ko’rgan davlat bo’lsa ajab emas. Bundan yuz yil muqaddam 27-noyabrda asos solingan Turkiston muxtoriyati oradan uch oy o’tib, 1918-yilda bolsheviklar tomonidan qonli ravishda yakson qilingan edi. Bu qonli tarix qurbonlari ham, Turkiston muxtoriyatining o’zi ham O’zbekistonda xotirlanmadi.
Faollarga ko`ra, O’zbekistonda Markaziy Osiyo tarixini sobiq ittifoq mafkurasi bilan o’lchash davom etmoqda. Turkiston muxtoriyati yuz yilligining inkor etilishi jamiyatda Turkiston bosqini bilan bog’liq tarixni unutishga harakat borayotganini ko’rsatadi, deydi ular.
Bir guruh o’zbek faollari aynan shuning uchun jamoatchilikka Turkiston muxtoriyati haqida hikoya qiluvchi uchrashuvlar tashkil etish qaroriga kelgan.
Guruh faollaridan biri toshkentlik sharhlovchi, tarixchi Anvar Nazirning aytishicha, dekabr oyi davomida Toshkentda Turkiston muxtoriyati faoliyatiga doir bir nechta uchrashuv o’tkazish rejalangan.
"Uchrashuv dekabr oyining oxirlarida o`tishi kutilmoqda, bu targ’ibot tadbiri bo’ladi. Farqli tomoni, bu uchrashuvga tarixdan uchchalik xabari bo`lmagan yoshlar, kattalar, qiziqqanlar yig’iladi. Biz ularga Turkiston muxtoriyati haqida gapiramiz, hikoya qilamiz. Chunki ijtimoiy tarmoqda Turkiston muxtoriyati 100 yilligini nishonlash istagida bo’lganlarning o’zi 500 dan oshib ketdi. Ehtimol, bu boshqa bir tarmoqda kichik raqam tuyular, ammo O’zbekistondagi vaziyat uchun yaxshi ko’rsatkich. Bu narsaning ahamiyati muhim, chunki hozirgi O’zbekiston elitasi tarixni unutishga harakat qilmoqda. Gap shundaki, mustaqillik qo’lga kiritilishining o’zi tuhfa bo’ldi. Mustaqillik uchun kurashmadik, shuning uchun oradan 26 yil o’tsa ham, bizning siyosiy elitamiz mafkurasi o’zgarmadi, avvalgi sovetcha mafkura shaklida qoldi“, - deydi Anvar Nazir.
Ta’kidlash joiz, O’zbekiston mustaqilligining chorak asrlik davri bir kishi, marhum Islom Karimov hukmronligi ostida kechdi. Karimov nafaqat diktatorligi, balki mamlakatni sobiq imperiya doirasidan uzoqlashtirish, milliylashtirish, yaqin tarixni qaytadan yozish, jumladan, qatag’on qurbonlari xotirasi uchun Shahidlar xiyobonini tashkil etish tashabbusi bilan ham tanilgan.
O’zbekistonda hokimiyat almashar ekan, tashqi siyosatda, mafkuraviy yo’nalishlarda ham o’zgarishlar seziladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoni ustuvor yo’nalish sifatida e’tirof etgan, Rossiya bilan aloqalar ham shiddatli rivojlanmoqda.
Anvar Nazir fikricha, Prezident Mirziyoyev sobiq ittifoq tuzumi va yaqin tarixga nisbatan munosabatda o’ta ehtiyotkor, ayniqsa, hozirgacha jiddiy muammo bo`lib turgan o’zbek tili, imlosi bo’yicha hech narsa demadi.
"Shavkat Mirziyoyevda bu borada hech qanaqa qarash yo‘q, siyosat haqidagi umumiy gaplar faqat. Masalan, tarixga nisbatan qanday qaraydi, noma’lum. Mana bir yildan oshayapti uning prezident bo`lganiga, lekin haligacha o’zbek tili, imlosi masalasida aniq bir gap aytmadi. Imlo masalasining jamoatchilikda qanchalik qizg’in munozara bo’lishiga qaramasdan. Karimov davrida ham Jizzax qo’zg’olonining yuz yilligi shunday xotirlanmagan edi. Masalaning mohiyati bizni qanday siyosiy elita boshqarayotganida, ularning hammasi sobiq komsomollar, kommunistlar, Mirziyoyev ham shu qatlamdan chiqqan. Ularga Cho’lpon, Fitrat, Qodiriy yoki Rauf Parfilar begona", - deydi Anvar Nazir.
Prezident Mirziyoyev mafkuraviy yo’nalish, xususan, sobiq ittifoqdagi tuzum haqida biror bayonot qilmagan. Ammo so’nggi paytdagi bir qator tashabbuslari, jumladan, nusxasi "Komsomol"dan ko’chirilgan Yoshlar Ittifoqini tashkil etish, Sharof Rashidovning 100 yilligini tantana qilish kabi qarorlari Mirziyoyevda sobiq ittifoq davriga nisbatan moyillik bor degan qarashlarni yuzaga chiqardi.
Anvar Nazirga ko`ra, sovet davlat arboblaridan bo’lgan Rashidov yubileyini tantana qilish barobarida Turkiston muxtoriyati yuz yilligining inkor qilinishi hokimiyatdagi burilishlardan darak beradi.
"Mirziyoyev Rashidovga haykal qo’ydi, lekin uning sovetparastligi, rusparastligi haqida hech narsa demadi. Prezidentga qarab ziyolilarimiz ham o’zgarishyapti, xuddi kungaboqarlar misoli. Chunki ularda ham sovet tarbiyasi bor. Misol uchun ziyolilarimizdan hech kim Turkiston muxtoriyatining yuz yilligini nishonlaylik, deb prezidentga murojaat bilan chiqmadi. Yoki nega xotirlamadik, deb aytmadi. Shart emas norozilik o’tkazish, ziyoli sifatida bu boradagi o’z fikrlarini ochiq aytishlari mumkin edi-ku", - deydi Anvar Nazir.
Turkiston muxtoriyatiga asos solinishi, uning ayovsiz qonga botirilishidan ham yuz yil o’tdi. Mintaqada Sovet ittifoqiga qaram yangi davlatlar tashkil topdi, ittifoq parchalanishi ortidan ular o’z mustaqilligini ham e’lon qilishdi.
Chorak asrlik mustaqillik ham mintaqaga tarixiy yaxlitlikni qaytarmadi, etnik qirg’inlarga sahna bo`lgan, o’zaro bordi-keldi to’silgan Markaziy Osiyo ziddiyatlar taranglashgan hudud sifatida tanildi. So’nggi yildan mintaqa davlatlari o’rtasidagi munosabat biroz iliqlashgan, ammo bu Turkiston bilan bog‘liq umumiy tarixga ham tegishli, deyish qiyin.