Turkmanistonda milliondan oshiq o’zbek ona tilida ta’lim olish huquqidan hanuz mahrum

Turkmanistonda yashovchi 2 millionga yaqin o’zbek 20 yildirki o’z ona tilida ta’lim olish huquqidan mahrum. Ba’zilari yaxshi ish topish, tirikchilik uchun katta pul evaziga pasportda millatini turkmanga almashtirishga majbur.

Turkmaniston O’zbekistonga qo’shni davlatgina bo’lib qolmay, ikki mamlakat rahbari yaqin aloqalarga ega. Binobarin Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ketidan dastlabki rasmiy xorijiy safarini Turkmanistondan boshlagan edi.

Mirziyoyev o’tgan haftada ham Turkmanistonda bo’ldi. Bu gal Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun.

Ammo Qurbonguli Berdimuhammedov bilan muntazam tarzda o’tayotgan muzokaralarda Mirziyoyev Turkmanistondagi o’zbeklar muammosini allaqachon yoddan chiqargan ko’rinadi. Prezidentlikka kelgan dastlabki yilda Turkmanistondagi o’zbek maktablari masalasini ko’targan Mirziyoyev mana besh yil o’tibdiki, bu mavzuga boshqa qaytmadi. Bu boradagi ahvol esa o’zgarishsiz - gap Turkmanistonda son jihatdan ikkinchi yirik elatning milliy, insoniy huquqlari haqida.

O’zbekiston hukumatining milliondan oshiq o’zbeklarning ona tilida o’qish imkoniyatidan mahrumligiga sukut bilan qarab turgani ko’plarga tushunarsiz holat. Kuni kecha Turkmanistonda o’zbek delegatsiyasiga ko’rsatilgan mehmondorchilikdan qat’i nazar, o’zbeklar doir vaziyat og’irlashib bormoqda.

“Amerika Ovozi” yaqinda hibsdagi Xursanoy Ismatullayeva haqida xabar bergan edi. Turkmanistonlik o‘zbeklardan bo’lgan ayolning ishdan haydalishi, hibsga olinishi ehtimol milliy masalaga bog’liq emasdir, ammo bir muncha avval Turkmanistonda urib o’ldirilgan 14 yoshli sportchi Sulaymon Tursunboyevning fojiasi uning bevosita kelib chiqishiga, o’zbekligiga bog’liq ko’riladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkmanistonda milliondan oshiq o’zbek ona tilida ta’lim olish huquqidan hanuz mahrum

Sulaymon kurash musobaqasida turkmanlarga yutqazib berishni rad etgani uchun urib o’ldirilgani ta’kidlanadi. Xalqaro jamoatchilikni larzaga solgan bu fojia O’zbekistonda, har holda rasmiy doiralarda biror aks sado bergani kuzatilmadi.

Turkmanistondagi diktatura ostida milliondan oshiq o’zbeklarning haq-huquqlari toptalib kelinayotganiga ham O’zbekiston hukumati biror munosabat bildirishni lozim topgani yo’q.

Turkmanistondagi voqealarni xorijdan yoritib kelayotgan mustaqil “Turkmen.news” onlayn nashri muharriri Ruslan Miyatiyevning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ta’kidlashicha, respublikada o’zbeklarga nisbatan mavjud salbiy munosabat shakllanishi ortida turkman hukumatining o’zi turibdi.