Xitoyning Shinjon-uyg'ur muxtoriyati 22 millionga yaqin aholiga ega, ularning yarmi uyg'urlar. Shu kunlarda ularning hujjatlari alohida tekshirilayotgani haqida ma'lumotlar bor.
Har bir uyg'ur pasportini politsiya idorasiga olib borishi shart. Fuqaro bu buyruqni bajarmasa, chet elga chiqish huquqidan mahrum bo'ladi. Shu mazmundagi buyruq mahalliy axborot vositalari va hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham chiqqan lekin keyinchalik olib tashlangan.
Bayonot aholi orasida norozilik hissini kuchaytirib, odamlar internetda shikoyat qila boshlagan.
"Qo'limdagi pasportimning o'zi ruxsat emasmi? Nega endi u bilan ham qo'rqinchda yashashim kerak",- deya yozadi Shinjon fuqarolaridan biri.
"Shinjon - qamoqxonaga aylanib bormoqda. Doimiy kuzatuv, doimiy tekshiruv, ogohlantirishlar",- deya noliydi yana bir uyg'ur.
Shinjonda boshqa elat vakillari ham yashaydi, jumladan, qozoqlar. Ularni ham vaqti-vaqti bilan tekshirib turishadi.
Shinjon rasmiylari bu jarayonlarni xavfsizlikni ta'minlash uchun zarur chora deya ta'riflaydi. Terrorizmga qarshi kurash buni taqozo etadi, deydi ular.
Pekinni bosqinchi kuch deb biladigan uyg'urlardan hukumat azaldan shubhalanib keladi.
"Odamlarning pasportini tortib olish Xitoy va xalqaro qonunlarga ziddir", - deya eslatmoqda "Human Rights Watch" huquq tashkiloti.
Rasmiylar esa hech kimning pasporti tortib olinmayapti deydi. Lekin politsiya ularni tekshirib turishga haqli.