Xalqaro valyuta jamg'armasi Ukrainaga yordam ajratdi

  • Amerika Ovozi

Xalqaro valyuta jamg'armasi raisi Kristin Lagard Ukrainaga yordamni ma'qulladi. 30-aprel, Vashington.

Rasmiy Kiyev hozir bankrotlik yoqasida. Bu yordam doirasida Ukraina gaz uchun Moskvadan 2.2 milliard dollar qarzini uzishi mumkin bo’ladi.
Xalqaro valyuta jamg’armasi g’aznasi bo’shab qolgan Ukrainaga kelasi ikki yilga 17 milliard dollar yordam ajratadi.

Rasmiy Kiyev hozir bankrotlik yoqasida va xalqaro tashkilot zudlik bilan 3 milliard dollardan oshiq pul uzatishi kutilmoqda.

Bu yordam doirasida Ukraina gaz uchun Moskvadan 2.2 milliard dollar qarzini uzishi mumkin bo’ladi. Rossiya avval yonilg’i ta’minotini kesishini aytib po’pisa qilgan. Ikki davlat orasi yomonlashib, Rossiya yaqinda Ukrainaga gaz bahosini 80 foizga ko’targan.

Xalqaro valyuta fondi madadiga javoban, Ukraina hukumati iqtisodiy islohotlar o’tkazishi, soliqlarni oshirib, maoshlarni muzlatishi va ijtimoiy yordamni kesishi lozim.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa rasmiy Kiyevni va Rossiyaga xayrixoh kuchlarni muzokaraga chaqirdi.

“Muloqotga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh bo’lishi mumkin. G’arbdagi hamkor davlatlar muzokarani tashkil qilishda Ukrainaga yordam beradi degan umiddamiz”, - deydi Lavrov.

Rossiya rasmiysi Peruga safari paytida so’zladi.

Ukraina sharqida Moskvaga moyil guruhlar bir necha shaharda hukumat binolarini egallab olgan. Ular Ukrainadan ajralib, Rossiyaga qo’shilishni talab qilayapti.

Qrim shu yil boshida referendum ketidan Rossiya tarkibiga kiritilgan edi.

Ukraina vaqtli prezidenti Oleksandr Turchinov sharqda tobora kuchga to’layotgan rusparast guruhlar oldida ojiz ekanini, o’z qo’shinlarini nazorat qilishga kuchi yetmayotganini aytmoqda.