Sulhga qaramay, Ukraina sharqida yana olishuvlar

  • Amerika Ovozi

Uglegorsk, Ukraina sharqi. 19-fevral, 2015-yil.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, besh kun oldin erishilgan sulhga qaramay Rossiyaga moyil ayirmachilar bugun tunda bir necha bor o't ochgan.

Ukraina armiyasi matbuot kotibi Anatoliy Stelmax so'zlariga ko'ra, ayirmachilar Donetsk shahri tevaragidagi qishloqlarga o'q yog'dirayapti. Kurakov, Berdyansk kabi qishloqlar kechasi bir necha bor hujumga uchragan. Berdyansk port shahar Mariupolga yaqin.

Stelmaxning aytishicha, Rossiya hanuz Ukrainaga qurol-aslaha jo'natayapti. Mariupol yaqinidagi Novoazovsk shahri tomon qurollar qatnovi davom etayapti.

Mariupol, sharqdagi muhim port shahar, o'tgan yilning aprelidan beri qattiq olishuvlarga guvoh bo'ldi. Ukraina armiyasi yaqinda shaharni ayirmachilardan tortib olgan.

Ukraina, Rossiya, Fransiya va Germaniya rahbarlari payshanba kuni sulh ijrosini ta'minlash yo'lida qo'ldan kelgan barcha ishni qilishga yana bir bor va'da bergan. To'rt arbob sulh shartlarini ishlab chiqqan, kelishuv o'tgan hafta Minskda imzolangan edi.

Ukraina qo'shinlari kecha sharqdagi Debalsevo shahridan chekingan edi; ayirmachilar g'alabasini tantana qilayapti. Kiyevning hisobicha, qo'shinlar shahardan chiqar ekan, yo'lda 134 askar halok bo'lgan.

Yana 90 harbiy bo'lginchi kuchlar qo'lida asir qolayapti. Bir necha o'n askarning daragi yo'q,

Oq uyning chorshanba kuni bildirishicha, Rossiya va separatistlar sulhga amal qilmayotgani oydek ravshan. Vashington Moskva va ayirmachilarni buning oqibatlari haqida ogohlantirayapti.