Amerika generali Ukraina sharqida hali ham rus harbiylari borligini aytmoqda

  • Amerika Ovozi

NATO bosh qo'mondoni, AQSh generali Filip Bridlav, Kiyev, 26-noyabr, 2014-yil

NATO bosh qo'mondoni, AQSh generali Filip Bridlavning aytishicha, Ukraina sharqida hamon rossiyalik harbiylar harakatlanmoqda. Ular isyonchilarga hukumat qo'shinlariga qarshi kurashda yordam bermoqda, deydi general. Bridlav kecha Kiyevda bo'lib, rasmiylar bilan uchrashgan.

“Ukraina ichkarisida hali ham anchagina rus qo'shinlari borligini bilamiz. Ular isyonchilarni tayyorlamoqda, ularga maslahat bermoqda, ko'maklashmoqda. Jangovar qismlar yo'q, ammo rossiyaparast kuchlarga yo'l-yo'riq ko'rsatishmoqda", - deydi NATO qo'mondoni.

Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Ukrainani moliyaviy tomondan qo'llab-quvvatlashga, harbiy jihozlar bilan ta'minlashga, sharqdagi vaziyat bo'yicha maslahat berishga tayyor.

Bridlavning aytishicha, isyonchilar hududlarini kengaytirishga harakat qiladi. Moskva Ukrainada askarlari borligini inkor etadi. Unga ko'ra, isyonchilar safida jang qilayotgan Rossiya fuqarolari ko'ngillilardir.