Ukraina, bo'lginchilar sulhga ko'ndi

  • Amerika Ovozi

Donetsk, Ukraina

Ukraina va rusparast bo’lginchilar sulh tuzishga muvaffaq bo’lgan. Ukraina, Rossiya, rusparast ayirmachilar va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari bugun Minskda gaplashib, shunga kelishgan.

Ukraina sharqida, bu orada, qattiq janglar haqida xabarlar bor. Guvohlarning aytishicha, strategik port shahar Mariupolda portlashlar va otishmalar bugun ham davom etgan. Azov daryosi yoqasida joylashgan Mariupol Qrimga yaqin bo’lib, tabiiy zahiralarga boy hudud hisoblanadi. Mariupol bo’lginchilar qo’liga o’tsa, bu Ukraina uchun katta yo’qotish bo’lishi aniq, deydi tahlilchilar.

Rossiya rahbari Vladimir Putin chorshanba kuni bo’lginchilar faoliyatini tugatishga doir yetti bandlik rejani e’lon qilgan edi. Hujjat Ukraina qo’shinlarini sharqiy viloyatlardan qaytarib olishga undaydi. Bu esa hududni ayirmachilarga topshirib qo’yish bilan barobar va ekspertlar nazarida Kiyev rejaga ko’nishi gumon.

Ukraina Putinning taklifiga munosabat bildirganicha yo’q. Lekin Prezident Poroshenko chorshanba kuni Putin bilan gaplashganini, bu mashmashani bas qilish zaruratini tan olgan. Odamlar orasida o’limga chek qo’yishimiz shart, dedi Poroshenko.

Ukraina sharqida aprel oyida boshlangan olishuvlar 2600 dan oshiq insonni hayotdan olib ketdi. O’n minglab odamlar uy-joyini tashlab qochdi.

Ukraina va NATOning bildirishicha, isyonchilar oxirgi kunlarda kattagina hududlarni egallab olgan. G’arb davlatlari Kremlni rusparast bo’lginchilarga to’g’ridan-to’g’ri yordam berayotganlikda ayblaydi. Moskva buni rad etmoqda.

Ukraina-Rossiya mojarosi, 4-5 sentabr, 2014