Yevropa Ittifoqi Qrimni Rossiya hududi deb bilmaydi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas'ul rasmiysi Federika Mogerini

Qrimda Rossiyaga qo'shilish bo'yicha o'tgan referendumga roppa-rosa bir yil to'ldi. Yevropa Ittifoqi bu holni anneksiya deb tan olishdan bosh tortgan. Bugun ittifoqning tashqi aloqalarga mas'ul rasmiysi Federika Mogerini tashkilotning bu pozitsiyasini yana bir bor eslatib o'tdi.

"Anneksiya xalqaro qonunga zid bo'lgan. Yevropa Ittifoqi mintaqada harbiy kuch to'planayotganidan tashvishda", - dedi Mogerini.

G'arb Rossiyani Ukraina sharqida isyonchilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko bugun Berlinda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashmoqda. Poroshenko isyonchilar bilan sulh tuzganiga qaramay, G'arbdan harbiy yordam olishga umid qilmoqda.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank Valter-Shtaynmayer o'tgan hafta Vashingtonda bo'lib, Ukrainaga qurol uzatishga qarshimiz, bu mojaroni yanada kuchaytiradi, degan.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari shu hafta Bryusselda uchrashib, Rossiyaga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalarni ko'rib chiqadi.

Germaniya va yana bir necha davlat sanksiyalarni yumshatishga qarshi. Ular Rossiyadan fevralda Minskda imzolangan sulh shartlarini to'liq bajarishni talab qilmoqda.