Ukraina prezidenti sharqda referendum o'tkazishga tayyor

  • Amerika Ovozi

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko mamlakatning sharqiy hududlariga kengroq vakolat berishga qaratilgan referendum o'tkazishga tayyor.

Poroshenko Ukraina konstitutsiyasiga tuzatishlar ustida ishlayotgan parlament komissiyasi bilan uchrashib, agar komissiya referendumni lozim topsa, uni qo'llab-quvvatlayman, dedi.

Prezidentning aytishicha, ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, aholining 90 foizi Ukrainaning unitar davlat bo'lib qolishini istaydi.

Poroshenko federalizatsiya tushunchasiga qarshi ekanini aytib, markaziy hukumat hokimiyatining bir qismini regionlarga berishga (detsentralizatsiya) aloqasi yo'qligini ta'kidlaydi.

Ukraina sharqida Donetsk va Lugansk xalq respublikalariga asos solgan bo'lginchilar o'tgan yil may oyida hududda referendum o'tkazib, o'zlarini Ukrainadan mustaqil deb e'lon qilgan edi. Kiyev referendum natijalarini tan olmagan.

Poroshenkoga ko'ra, ukrain tili mamlakatda yagona rasmiy til bo'lishi kerak va buni aholining to'rtdan uch qismi qo'llab-quvvatlaydi.

Donetsk xalq respublikasi rahbarlaridan biri Andrey Purgin Poroshenkoning davlat tizimi va til haqidagi qarashlari fevral oyida Minskda imzolangan sulh bitimi shartlariga zid, deydi.

Purgin konstitutsion komissiya majlisiga Donetsk va Lugansk xalq respublikalari vakillari taklif etilmaganini aytadi.