Seshanba kuni AQSh davlat kotibining yordamchisi Viktoriya Nuland Moskvada bo'lib, Ukrainadagi vaziyat, Minsk bitimi ijrosi xususida gaplashdi. Chorshanba kuni Minskda Ukraina bo'yicha uch tomonlama muloqot guruhining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tadi.
Minsk bitimiga ko'ra, Ukraina fuqarolar urushi kechayotgan sharqdagi Donbass mintaqasida saylovlar o'tkazishi kerak, biroq Donbassning bir qismi bo'lginchilar qo'lida va ular Kiyevdagi hukumatga bo'ysunmaydi.
G'arb Rossiyani bo'lginchilarga yordam berayotganlikda ayblab keladi.
Minsk bitimi 2015-yil fevralida imzolangan bo'lib, sulhga yetakladi, biroq haligacha qurolli to'qnashuv kuzatilmoqda. Tomonlar region maqomi, saylovlar va isyonchilar rahbarlarining taqdiri bo'yicha bir to'xtamga kelgani yo'q.
Isyonchilar Kiyevdagi hukumat yonini olayotgan nomzodlarning Donbassdagi saylovda qatnashishiga qarshi. Ukraina hukumati hududga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining qurollangan kuzatuvchilarini kiritishni so'ramoqda, Rossiya e'tiroz bildirmoqda.
Kreml o'z navbatida Kiyevdan Donbassga kengroq muxtoriyat berishga, isyonchilar rahbarlarini amnistiyaga tushirishga chaqirmoqda, Ukraina bunga rozi bo'lmayapti.
Uch tomonlama aloqa guruhiga Ukraina, Rossiya hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kiradi. Vashington guruhga a'zo bo'lmasa-da, Ukrainaning yaqin ittifoqchilaridan.
BMT hisobiga ko'ra, Donbassda hukumat kuchlari va isyonchilar o'rtasidagi mojaro 9000 odamning yostig'ini quritdi.