Donetskdagi separatistlar lideri Kiyev bilan muzokara qilinmaydi deganidan bir necha soat o'tib, Ukraina sharqida raketa hujumidan 16 kishi halok bo'lgan. Mariupolda jangarilar turar joyni nishonga olgan.
Prezident Petro Poroshenko bo'lginchilarni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblashda davom etmoqda. Bugungi xurujlarda ham begunoh insonlar nobud bo'ldi, deydi u, Kiyevda so'zlar ekan. Mamlakat armiyasi ortga chekinmaydi, deydi u.
Rossiya quvvatlovchi bo'lginchilar rahbari Aleksandr Zaxarchenko kechagi bayonotida Ukraina askarlari hududdan siqib chiqariladi degan edi. Ikki kun oldin separatistlar Donetsk aeroportini qo'lga olgan edi.
Donetsk va Lugansk mintaqalarining katta qismi hozir ular nazoratida. To'qqiz oydirki, Rossiya bilan chegaradosh bu hududda qaqshatqich janglar ketmoqda. Rossiya ham, bo'lginchilar singari, mojaroda Kiyevni ayblaydi.
Zaxarchenko fikricha Ukraina bilan muzokaradan foyda yo'q. Chet el vositachiligida boshlangan bu muloqot baribir samara bermaydi, deydi u.
Separatistlar so'zlovchisi Eduard Basurin deydiki, o'tgan kunlar ichida 750 ukrain askari o'ldirilgan, asosan Donetsk aeroporti uchun janglarda.
100 dan oshiq tank va boshqa vositalar ham barbod qilingan, deydi Basurin. Biroq bu ma'lumotlarni boshqa biror manba tasdiqlagani yo'q.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, o'tgan to'qqiz kun ichida hududda 262 kishi o'lgan.
Moskvada prezident Vladimir Putin Kiyevni mojaroni avj oldirganlikda qoralab, ayollar, bolalar va keksalarning o'limida Ukraina hukumatidan boshqa hech kim aybdor emas, deydi.
Chegara bilmas shifokorlar, insonparvarlik tashkiloti, vaziyatni o'ta og'ir deya ta'riflab, yaralanganlarga yordamni oshirishga chaqirmoqda.
BMTga ko'ra, Ukrainadagi urushda hozirgacha 5000 odamning yostig'i quridi. Norasmiy hisoblarga ko'ra esa bu raqam kattaroq.
Vashington nazarida Ukraina sharqida tinchlikka erishish uchun separatistlar janglarni darhol to'xtatib, muzokara stoliga o'tirishi lozim. Dekabrdan beri Rossiya quvvatlayotgan kuchlar 1000 dan oshiq hujumni amalga oshirgan, deydi Amerika diplomatlari.
Ularga qurol Rossiyadan uzatilmoqda - tanklar, zirhli mashinalar, og'ir artilleriya va aslaha, deya bildiradi Davlat departamenti. Kreml begunoh odamlarni o'ldirishga homiylik qilayotgani hech kimga sir emas, deydi Obama ma'muriyati.