Ukrainadagi saylovda mutlaq g'olib yo'q, koalitsion hukumat tuziladi

Kiyevdagi saylov uchastkalaridan biri, 26-oktabr, 2014-yil

Ukrainada bugun parlament saylovlari o’tdi. Norasmiy hisoblarga ko’ra, Prezident Petro Poroshenkoning siyosiy bloki 23 foiz ovoz to’plagan. Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk yetakchiligidagi Xalq fronti 21 foiz, Lvov shahar meri Andrey Sadovning “O’ziga yordam” partiyasi esa 13,2 foiz ovoz olgan.

Saylovlar Ukrainaning bir qismida o'tmoqda, xolos. Rossiyaga qo'shilgan Qrimda, isyonchilar bilan janglar kechayotgan sharqiy viloyatlarning ba'zi joylarida saylovlar o'tkazilmayapti.

So'rov natijalariga ko'ra, aholining katta qismi iqtisodiy va siyosiy islohotlar tarafdori, korrupsiyaga qarshi va kelajakda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilishini istaydi.

Yangi parlament qo'shni Rossiya bilan aloqalarni yanada sovuqlashtiradi, degan taxminlar mavjud. Kiyev Moskvani sharqdagi isyonchilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab keladi.

Saylov kunini Donetsk viloyatiga kutilmagan safardan boshlagan Prezident Poroshenko Yevropa qadriyatlariga asoslangan koalitsion parlament tuzilishiga umid qilmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, xalq saylovlarga katta qiziqish bildirmagan.

Poroshenkoning o’zi poytaxt Kiyevda ovoz berdi. U mamlakatda yevropacha qadriyatlarga va dunyoqarashga ega bo‘lgan parlament shakllanishiga umid bildirdi.

Avvalgi parlamentning muddatidan oldin tarqatilishiga asosiy sabab qilib unda eski tuzumga sodiq deputatlarning ko’pligi aytiladi.

"Men saylovda qatnashayotgan ikki partiyaga tarafdorman, ammo hozircha aniq bir qarorga kelmadim. Umuman biz prezident saylovlarida Poroshenkoga ishonch bildirdikmi, shunga muvofiq unga o‘z faoliyatini qiyinchiliksiz davom ettirishga imkon beradigan demokratik partiyalarga ovoz berishimiz kerak“, - dedi saylovga chiqqan kiyevliklardan biri "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Ko‘plab ukrainaliklar parlament saylovlarida yangi siyosiy liderlar ko‘rinmayotganidan afsusda.

"Men avvalgi hukumatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, o‘z fikri, faoliyati bilan ajralib turgan yangi siyosiy liderlar uchun ovoz beraman. Bunday liderlar bor, ammo ular oz, chunki ular ko‘plab hozirgi nomzodlar kabi oligarxlar qatlami bilan bog‘liq emas, hatto saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishmadi“, - deydi yana bir saylovchi.

Aholida parlament uchun poyganing prezident saylovlarichalik qiziqish uyg’otmayotgani kuzatiladi. Umumiy ishtirok 50 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

450 ka yaqin deputatlarning yarmidan ko‘pi partiyaviy ro’yxatga ko‘ra, qolgan qismi esa mustaqil nomzod sifatida saylanadi. Partiyalar parlamentga kirishi uchun kamida besh foiz ovoz to‘plashi kerak.