Yangi hisobotga ko’ra, agar Ukrainaning sharqiy hududlarida Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari joylashtirilsa, salkam to’rt yildan beri mojaro kechayotgan ikki viloyatda mahalliy saylovlar o’tkazishga sharoit yaratilishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Ukraina sharqidagi vaziyatni nazorat qilayotgan kuzatuvchilar guruhi vakiliga ko’ra, mojaro zonalarida janglar shiddatli tus olmoqda.
YXHT kuzatuvchilarining aytishicha, 2018-yilning birinchi haftalarida to’qnashuvlar kuchaygan, har kuni sulh shartlari buzilmoqda. Natijada 700 nafar qurolsiz kuzatuvchi o’z ishini bajara olmayapti.
"To’siqlar haligacha olib tashlanmagan, hududlar minalardan tozalanmagan. Bu esa Minsk shartnomasiga zid. Bizning patrulimiz ishiga ham halaqit berib turishadi, ularni nazorat punktlarida to’xtatib, tekshirishadi, ba’zida o’tkazishmaydi, dag’dag’a qilishadi, hatto qurol bilan qo’rqitishadi”, - deydi Yevropa kuzatuvchilari missiyasi rahbarining o’rinbosari Aleksandr Xuk.
AQShning Ukraina bo’yicha maxsus vakili Kurt Volker Yevropa kuzatuvchilarini himoya qilish uchun BMT tinchlikparvar qo’shinlarini hududga yuborish kerakligini aytib keladi.
NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen tayyorlagan yangi hisobotda NATOga a’zo bo’lmagan mamlakatlardan 20 ming sonli qo’shinga ehtiyoj borligi aytiladi. Shunda Ukraina sharqida mahalliy saylovlar o’tkazishga sharoit tug’iladi, deydi ayni damda Ukraina prezidentiga maslahatchilik qilayotgan Rasmussen.
Hisobot juma kuni boshlanayotgan Myunxen xavfsizlik anjumani ishtirokchilariga tarqatiladi.
“Mojaroga barham berishga qodir davlatlarning siyosiy irodasiga ko’p narsa bog’liq. BMT kuchlarini Ukraina sharqiga joylashtirish Xavfsizlik Kengashi qo’lida”, - dedi Aleksandr Xuk.
2014-yil aprelidan beri mintaqada 10 mingdan ziyod odam nobud bo’lgan. Xukning aytishicha, tinch aholi mojaroga qarshi.
“Har kuni mana shu joydan 40 minggacha ukrainalik har ikki tomonga o’tib turadi. Bu quvonarli hol. Boshqa mamlakatlardagi mojarolarda odatda aloqa chizig’i ikki tarafni bir-biridan ajratuvchi chegaradir. Ammo bu yerdamas. Ularning xayolida chiziq yo’q. Mana shu fuqarolarni deb ham o’tirib gaplashish kerak. Oddiy odamlar ham shuni tarafdori”, - deydi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi vakili.
Rossiya, Ukraina, Germaniya va Fransiya rasmiylaridan iborat “Normand formati” Myunxen xavfsizlik anjumanida Ukraina mojarosi va tinchlikparvar qo’shinlarni kiritish mavzusini muhokama qilishi kutilmoqda.