Matbuotda AQSh rahbari Ukrainaga Amerikaning uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berishi haqidagi xabarlar ketidan Ukraina ATACMS raketalari bilan ilk bor seshanba kuni Rossiyaga hujum qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiyaning Bryansk viloyatidagi harbiy inshoot tomon oltita ATACMS raketasi otilganini tan olarkan, beshtasi havoda yo’q qilinganini, oltinchisining qoldiqlari yerga tushib, biror zarar yetkazmaganini aytdi.
Ukraina tarafi qurol ombori nishonga olinganini va portlatilganini bildirdi. ATACMS raketalari 300 kilometrgacha ucha oladi, seshanba kungi hujum esa Rossiya chegarasidan 110 km ichkaridagi nishonga qaratilgan.
Lavrov ATACMS raketalari bilan Rossiyaga hujumni G’arb tomonidan eskalatsiyaga intilish deb atadi.
"Yuqori texnologiyali bunday raketalarni amerikaliklar yordamisiz otib bo’lmaydi”, - dedi Lavrov.
Seshanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatining yangi harbiy doktrinasini ma’qulladi. Unda Rossiya yoki uning ittifoqchisi Belarusga oddiy qurollar bilan ham hujumga yadroviy javob berish mumkinligi aytiladi.
Hujjatning 2020-yilgi tahririda Rossiya yadro qurollarini faqat yadro hujumiga javob tariqasida qo’llashi mumkinligi aytilgan.
Lavrov Rossiyaning so’nggi yadroviy doktrinasi bilan diqqat bilan tanishib chiqishga chaqirdi.
Bu o’rtada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “tinchlik rejasi” va “g’alaba rejasi”ga qo’shimcha yangi reja haqida e’lon qildi. “Matonat rejasi” deb nomlanuvchi ushbu hujjat safarbarlik, energiya inshootlarini himoya qilish, iqtisodiyotga sarmoyalarni jalb qilish, ukrainaliklarni birlashtiruvchi vazirlik tuzish kabilarni o’z ichiga oladi.
10 ta punktdan iborat rejada kelasi yili 3000 ta qanotli raketa va kamida 30 mingta uzoq masofali jangovar dron ishlab chiqarish ko’zda tutilgan.
Zelenskiy Ukraina tinchlik evaziga o’z hududlaridan voz kechmasligini ta’kidladi.
Shimoliy Koreya Rossiyaga 11 mingta askar yuborganini aytayotgan Zelenskiy ularning soni yuz mingtaga yetishi mumkinligini taxmin qildi.
Janubiy Koreya razvedkasi shimollik askarlar Rossiyaning Kursk viloyatida Ukraina armiyasiga qarshi jang qilayotganini bildirgan.
Bu orada Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina sharqida yangi hududlar ishg’ol etilgani haqida ma’lum qildi. Bu gal Donetsk viloyatining Novoalekseyevka qishlog’i rus armiyasi nazoratiga o’tgan.