Qo'shma Shtatlar Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo'yish haqida o'ylamoqda va ittifoqchilar bilan muzokarada.
Kreml yolg'onchi, unga nisbatan ishonch so'nib bo'ldi, deydi Davlat kotibi Kerri, ayniqsa oxirgi sulh chetga surilgani va berilgan va'dalar bajarilmayotgani juda afsuslanarli hol.
Kerri ayni damda Londonda Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hammond bilan maslahatlashmoqda. Rossiyaning qora ishlaridan hafsala pir va sanksiyalarni kuchaytirish, yangilarini qo'yish haqida gap ketmoqda, deydi Amerika bosh diplomati.
Rossiyaning gapi boshqa, qilmishi boshqa, deydi G'arb rasmiylari, prezident Vladimir Putin yaqinda Minskda separatist kuchlarni o't ochmaslikka ko'ndirishni va'da qilgan edi, lekin hujumlar tinmadi.
Ukraina rahbari Petro Poroshenko deydiki, Rossiya ochiq-oydin bo'lginchi kuchlarni quvvatlab turibdi, ularga harbiy yordam tinmagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa bu tanqidlarni asossiz deb biladi, G'arbning "doimiy safsatasi" deya izohlaydi. Poroshenko esa Amerika va Yevropaning malagi, deydi Rossiya diplomatlari.
Kreml Ukraina hukumatini zaiflikda, mamlakatni to'g'ri boshqara olmayotganlikda, armiyani nazorat qilmayotganlikda, sulh shartini qayta-qayta buzganlikda, shuningdek, rus aholiga nisbatan shafqatsizlik va adolatsizliklarda ayblaydi.
Rossiya pozitsiyasini qabul qilmayotgan AQSh, Fransiya, Germaniya va ularga hamkor davlatlar yangi sanksiyalar haqida ogohlantirar ekan, Ukraina sharqidagi separatist kuchlar chekinmasligini, ukrain armiyasi bilan janglarni davom ettirishini bayon qilmoqda.
Kiyevda kecha Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag'darilganining bir yilligi eslandi. Prezident Poroshenko fursatdan foydalanib, Rossiyani uning davlati va xalqiga nisbatan jinoyatlarda aybladi.
Mamlakat sharqiga qo'shni davlatdan tanklar va qurol-aslaha kirishda davom etmoqda, deydi u.
AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Ukraina rahbariyati bilan telefonda gaplashgan. Vashington nazarida vaziyat tobora qaltis va Kremlga nisbatan bosim oshirilishi zamon talabi.