Ukraina armiyasi port shahar Mariupolni qaytarib oldi

  • Amerika Ovozi

Mariupol, Ukraina

Donetsk viloyatidagi shahar uchun olishuvda Rossiyaga moyil ayirmachilardan besh nafari halok bo’lgan.
Ukraina xavfsizlik kuchlari sharqdagi Mariupol port shahrini bo’lginchilardan qaytarib oldi. Ichki ishlar vaziri Arsen Avakovning aytishicha, hokimiyat binosi uzra davlat bayrog’i ko’tarilgan.

Donetsk viloyatidagi bu shahar uchun olishuvda Rossiyaga moyil ayirmachilardan besh nafari halok bo’lgani ma’lum.

Kecha, shuningdek, vazir Avakov Rossiyani chegarada harbiy transport qatnoviga ruxsat berayotganlikda aybladi. Uning aytishicha, zirxli mashinalar, xususan, tanklar Ukraina sharqiy viloyatlariga bemalol kirib bormoqda. Bu karvonlarni rus askarlari boshqarayaptimi yoki ayirmachilar – noma’lum.

Yil boshida Qrimni o’ziga qo’shib olgan Rossiya Ukraina ishlariga ortiq aralashmasligini ta’kidlab keladi.

Bu orada, Rossiya qurolli kuchlari Boltiq dengizidagi shahar Kaliningradda harbiy mashqlarni boshlab yubordi.

Moskva shu tariqa NATOning Yevropadagi harbiy mashqlariga javob qaytarayotganini aytadi. Kaliningrad NATOga a’zo Litva va Polshaga yaqin shahardir.