Ukraina parlamenti 10 viloyatda 30 kunga harbiy holatni joriy etishga ovoz berdi. Kiyev Rossiyani o’z kemalariga qarshi agressiyada ayblamoqda, Moskva esa Ukraina kemalari Rossiya chegarasini buzgani uchun ushlangan, deya javob bermoqda.
Ikki mamlakat o’rtasidagi usiz ham tarang aloqalar Qora dengizdagi voqeadan so’ng yanada taranglashdi. Ukrainaga qarashli ikki zirhli artilleriya kateri va ularga hamrohlik qilayotgan shatakchi kema Ukrainaning Odessa portidan Qora dengiz bo’ylab Azov dengizi bo’yidagi Mariupol bandargohiga yo'l olayotgan bo’lgan. Kemalar ikki dengizni bir-biriga ulovchi Kerch bo'g'oziga kirganda Rossiya hujumiga uchrab, ukrainalik olti matros yaralangan, kemalari hibsga olindi.
Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Rossiyadan harbiylarni ozod etishni talab qilib, mamlakatda ilk bor harbiy holat joriy etishga qaror qildi.
Uning aytishicha, Ukrainaga qarshi so’nggi besh yildan beri gibrid urushini olib borayotgan Rossiya bosqinchilikning yangi bosqichiga o’tdi.
Parlament Poroshenkoning harbiy holat joriy etish haqidagi qarorini tasdiqladi. NATO va G’arb davlatlari bu tortishuvda Ukraina tarafini olmoqda.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Ukraina kemalari va dengizchilariga qarshi kuch ishlatilishini oqlab bo’lmaydi.
Nyu-Yorkda esa BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisida vaziyat muhokama etildi.
“Qo’shma Shtatlar Rossiyaga Qrim bilan bog’liq sanksiyalarni o’z kuchida qoldirgan holda Rossiyaning so’nggi harakatlari vaziyatni yanada keskinlashtirishini ta’kidlaydi. Rossiya tinchlik va xavfsizlik yo’lida noqonuniy harakatlariga chek qo’yib, dengizda harakatlanish huquqlariga rioya qilishi kerak”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli.
Rossiyaga ko’ra, qo’lga olingan kemalarda Ukraina Milliy xavfsizlik xizmati agentlari bo’lgan, so’roqqa tutilgan harbiylar ularga ataylab provokatsiya qilish buyurilganini aytgan.
Moskva Poroshenko ushbu provokatsiya hamda harbiy holatni joriy etish bahonasida mart oyida bo’ladigan prezident saylovlarini kechiktirish yoki jarayondan oldin reytingini oshirish niyati borligini bildirmoqda. So’rov natijalariga ko’ra, Poroshenkoning qayta saylanishi amri mahol.
Harbiy holat qisman mobilizatsiyani taqozo etadi. Jamoat tartibini nazorat qilish harbiylar zimmasiga tushadi. Harbiy holat fuqarolarning shaxsiy erkinliklari va konstitutsion huquqlari cheklanishiga ham yetaklaydi, biroq Poroshenko Rossiya Ukraina hududiga hujum qilsagina bunday chora ko'rilishini aytgan. Aholi punktlarida komendant soati joriy etilishi mumkin.