Maydonni tozalashmoqchi, maydonchilar qarshi

Bugungi Maydon

Yangi saylangan prezidentning qasamyod marosimiga hozirlanayotgan Ukraina hukumati Kiyevni barrikadalar va chodirlardan tozalamoqchi. Bu esa inqiloblar markazi bo’lgan Maydon va hukumat o’rtasida ziddiyatlarga sabab bo’lmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Maydonni tozalashmoqchi, maydonchilar qarshi


31-may kuni Kiyev markazida yangi noroziliklar ehtimoliga ramziy ishora sifatida avtomobil shinalari yoqildi. Omma poytaxtni tozalashga qaror qilgan yangi mer Vitaliy Klichkodan norozi.

Petro Poroshenkoning qasamyod marosimi 7-iyunga belgilangan. Hukumat qaroriga ko’ra, o’shanga qadar barrikadalar va chodirlar olib tashlanishi kerak. Ammo bu urinishlar keskin qarshilikka uchramoqda.

Maydonchilar hukumatni norozilikning yangi to’lqini haqida ogohlantirmoqda. Keskinlik mamlakatda o’tgan prezident saylovaridan keyinoq bilina boshladi.

Kiyev meri Vitaliy Klichko dastlabki intervyusida Maydon o’z vazifasini o’tab bo’lganini, palatkalar yig’ishtirilib, shahar markazini obodonlashtirish ishlari boshlanishini aytdi.

Klichkoning bu so’zlari faollar tomonidan norozilik bilan kutib olindi. Inqiloblar markazi bo’lgan Maydonda bugun ham yuzdan oshiq nodavlat tashkilotlar, turli siyosiy kuchlar faoliyatini davom ettirmoqda.

“Maydon internatsional ligasi” tashkiloti rahbari Vasil Lyubarets yangi hukumatni jamoatchilik nazoratidan qutulishga intilayotganlikda ayblaydi.

“Davlat xalq xizmatida bo’lishi kerak. Hukumatdagilar bizni eshitishi va talablarimizni bajarishi shart. Biz esa hukumat faoliyatini kuzatib borishimiz kerak. Maydon aynan shu maqomga ega, xalq manfaatini ko’zlovchi subyekt. Bu hukumatdagilarga yoqmaydi. Klichkoning bayonoti ham, Poroshenkoning munosabati ham ular hali Mydonni anglab yetishmaganini ko’rsatmoqda. Maydonga tayanish, hamkorlikda ishlash o’rniga ular Maydondan qo’rqa boshlashdi. Bugun fuqarolik jamiyati vakillari yanada jipslashdi, biz hukumat ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatish fikrida qat’iymiz”, - deydi Vasil Lyubarets.

1-iyun kuni Kiyevdagi maydonda “vecha”- xalq yig’ini chaqirilgan. Bu yig’inda Maydonning keyingi faoliyatiga oid muhim qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Aholi orasida Maydonning bugungi faoliyati haqida turli qarama-qarshi fikrlar mavjud. Ayrimlar Maydon o’z vazifasini o’tab bo’ldi deb hisoblaydigan bo’lsa, ayrimlar uni hukumatdan hisobot talab qiluvchi asosiy kuch sifatida ko’rishadi.

Vasil Lyubarets, maydonchilar lideri


Bugungi Maydon