Germaniya kansleri Angela Merkel bugun Vashingtonda bo'lib, AQSh Prezidenti Barak Obama bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi. Ikkisi ixtilofni diplomatik yo'l bilan hal qilish tarafdori ekanini ta'kidlamoqda.
Qo'shma Shtatlar Ukrainaga harbiy yordam berish haqida o'ylanib keladi. Obama hali tugal qaror qabul qilganimiz yo'q, deya eslatmoqda.
Kecha Merkel telefon orqali Ukraina, Rossiya va Fransiya rahbarlari bilan muloqot qilib, Ukraina sharqida bir necha oydan beri davom etayotgan qurolli mojaroga barham berish xususida gaplashgan.
Obama va Merkel Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni kuchda qoldirishga kelishib olgan.
Chorshanba kuni to'rt arbob Minskda yuzma-yuz uchrashib, Germaniya va Fransiya taklif etgan tinchlik rejasini muhokama qiladi. Yevropa Ittifoqi muloqot natijasi ma'lum bo'lmaguncha, Ukrainadagi isyonchilar va Rossiyaga qo'shimcha sanksiyalar qo'ymaslikka qaror qildi.
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabiusning aytishicha, 19 kishi, jumladan besh rossiyalik hamda to'qqiz tashkilotning mulklari muzlatiladi, Yevropaga kirishi taqiqlanadi. Ittifoq 16-fevral kuni masalani qaytadan ko'rib chiqadi.
Ukraina hukumati va isyonchilar o'tgan yil sentabrida Minskda sulh imzolagan edi, biroq tomonlar unga amal qilmagan. BMT hisobiga ko'ra, so'nggi 10 oyda Ukraina sharqida 5600 dan ziyod odam o'lgan, biroq Germaniya razvedkasi qurbonlar soni aslida 50 mingdan ko'p ekanini qayd etmoqda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainani Rossiya chegarasi yonidagi harbiy harakatlarni to'xtatishga chaqirdi.