Obama: Rossiya qo’shinlari Ukraina chegarasidan chekinsin

  • Amerika Ovozi
Amerika rahbari Barak Obamaning aytishicha, Rossiya qo’shinlari Ukraina chegarasidan chekinishi, taranglikni yumshatish uchun muzokara boshlashi lozim.

Obama AQShning Si-Bi-Es (CBS) telekanaliga intervyu bergan. Uning nazarida rus askarlari chegara atrofida qatnab qolgani Ukrainani qo’rqitish uchun qilinmoqda. Biroq Oq uy rahbari fikricha, Moskva bundanda jiddiy choraga o’tishi ehtimoldan xoli emas.

Kecha Ukraina davlat xavfsizligi kengashi raisi Andriy Parubiy ruslar shimol, janub va sharqiy sarhadlarga 100 ming zobit tortgani haqida aytgan edi. Bu qo’shinlar xohlagan payt zarba berishi mumkin, deydi Parubiy.

Rossiyaning bildirishicha esa askarlar bahorgi mashqlar bilan band va chegarani buzmoqchi emas.

Shuningdek, Kreml BMTning Qrimga doir qarori teskari natija beradi, degan fikrda. Xalqaro tashkilot yarimorolni Ukrainadan ajratgan referendum natijalarini tan olishdan bosh tortmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi izohiga ko’ra, BMT Bosh Assambleyasi bu bilan qaytaga Ukrainadagi tanazzulni bartaraf etishga halaqit bermoqda.
Vazirlik nazarida Kiyev o’z muammolarini hal qilolmay, Rossiyani ayblash bilan ovora.

BMT Bosh Assambleyasi kecha ma’qullagan hujjatni 100 davlat yoqladi, 11 mamlakat qarshi chiqib, 58 yurt betaraf qolishni afzal ko’rdi.

Aholisi asosan ruslardan iborat Qrim oy boshida Ukrainadan ajralishga qaror qildi. Bu referendumni G’arb mamlakatlari noqonuniy deya ta’riflayapti.

Ukrainada hukumatdan ag’darilgan prezident Viktor Yanukovich barcha regionlar maqomini referendumga qo’yishga chaqirdi. Uningcha, erta prezident saylovlari davlatni barqaror saqlash, suverenitet va hududiy yaxlitlikni ta’minlashga xizmat qilmaydi. Faqat referendum bilan bunga erishish mumkin, deydi Yanukovich.

Sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko kecha prezident saylovlariga kirish istagini bildirgan. Ukrainada muddatidan oldin prezident poygalari 25-mayda o’tadi.

2010-yilgi saylovda Timoshenko kichik farq bilan Yanukovichga mag’lub bo’lgan edi. Oradan ko’p o’tmay u bosh vazira paytida mansabni suiiste’mol qilganlik va davlat mulkini o’marganlikda ayblandi va qamaldi. Timoshenko barcha ayblovlar siyosiy fitna ekanini ta’kidlab, ularni rad etadi.