AQSh Putinning sharqiy ukrainaliklarga doir farmonini tanqid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Rossiya prezidentining Ukraina sharqida yashovchi aholiga fuqarolik berish jarayonini yengillashtirishga qaratilgan farmonini tanqid qilmoqda.

Hujjat Ukrainada Vladimir Zelenskiyning prezidentlikka saylanishidan uch kun o’tib imzolandi. Zelenskiy ham farmondan norozi.

“Maqsadimiz Ukrainadagi yangi ma’muriyat uchun muammo tug’dirish emas, balki Donetsk va Lugansk respublikalari hududlarida yashovchi odamlarga yengillik yaratish, chunki ularni fuqarolik huquqlaridan ayirishdi, inson huquqlarini cheklashdi. Ular bir joydan boshqa joyga harakatlana olmaydi, eng oddiy ehtiyojlarini qondirisha olishmaydi”, - dedi Vladimir Putin.

Ikki davlat aloqalari so’nggi besh yilda keskin yomonlashgan. Ukraina Rossiyani sharqiy hududlarga qo’shin yuborganlikda va Qrimni tortib olganlikda ayblaydi, Rossiya nazarida esa hokimiyatga davlat to’ntarishi oqibatida kelgan millatchi siyosatchilar Ukrainaning rus millatiga mansub aholisini tilidan va tarixidan ayirmoqda, kamsitmoqda.

Davlat departamentiga ko’ra, Putin farmoni Ukraina sharqida harbiy harakatlarga barham berishga qaratilgan Minsk shartnomasi ijrosiga to’siq yaratmoqda.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Pavlo Klimkinning aytishicha, farmon Rossiya agressiyasi va Ukraina ichki ishlariga aralashuvining davomidir. Yangi saylangan Prezident Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan mavzu xususida muloqotga tayyor ekanini bildirgan.